Shoir, jurnalist, tarjimon Asror Mo‘mindan yangi kitob
Publitsistik materiallar davr ruhiyatini tiniq ko‘zgu kabi o‘zida aks ettirishi bilan ahamiyatli. Ustoz jurnalist, shoir va tarjimon Asror Mo‘minning yaqindagina “Tafakkur qanoti” nashriyotida chop etilgan “Kitob – kamolot kafolati” nomli kitobini ham zamonning badiiy ifodasi deb atash mumkin.
Aytish kerakki, har bir insonning muvaffaqiyat yo‘lida ota-onasi, ustozlarning mehr va e’tibori, yaxshi kitoblarning o‘rni va ahamiyati beqiyos.
Ustoz jurnalist Asror Mo‘minning “Kitob – kamolot kafolati” nomli kitobida ham keyingi yillarda matbuot sahifalarida e’lon qilingan ijtimoiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy yo‘nalishdagi turkum maqolalariga keng o‘rin berilgan. Muallif ushbu maqolalarida kitobning inson hayoti, uning kamolotidagi o‘rni va ahamiyati xususida batafsil to‘xtalib, o‘z hayoti va mashhur kishilar hayotidan ko‘plab ta’sirchan misollar keltiradi.
Ushbu maqolalar teran tahliliy, keng qamrovli, yon-atrofdagi voqeliklarga ziyrak nigoh bilan boqib, chuqur mushohada va mulohaza asosida yozilgani diqqatga loyiq. Bu maqolalar istiqlolning qadr-qimmatini anglash, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari, islohotlar mohiyatini chuqurroq tushunishga ko‘maklashishi bilan ahamiyatli.
Jumladan, “Muvaffaqiyat yo‘li”, “Mustaqillik yutuqlarimiz asosidir!”, “Shoirlar va oshiqlar peshqadami”, “”Uyg‘onish davrining yetuk hukmdori”, “Tarixchilar va shoirlar nazdida Toshkent”, “Onalar yuragini asrang”, “Chirchiq va Rasul Hamzatov”, “So‘nmas umid yulduzi” kabi ko‘plab maqolalarda ilm-ma’rifat, umuman kitobning inson kamolotidagi o‘rni xususida batafsil so‘z yuritiladi.
Asror Mo‘min — zamonaviy o‘zbek adabiyotida o‘z ovozi va uslubiga ega bo‘lgan ijodkorlardan biri. Uning ijodi ko‘p qirrali bo‘lib, unda ham she’riyat, nasr, ham tarjimachilik muhim o‘rin tutadi. Shoir ijodida insonning ichki kechinmalari, uning jamiyatdagi o‘rni va ma’naviy izlanishlari asosiy mavzu hisoblanadi. U inson qalbini murakkab va tilsimli olam sifatida tasvirlaydi. Uning she’rlarida oddiy voqea-hodisalar zamirida teran majoziy ma’nolar yashiringan bo‘ladi. Bu esa o‘quvchini fikrlashga va she’r qatidagi ramzlarni chaqishga undaydi.
Asror Mo‘min faqat lirik shoir emas, balki sahna asarlari muallifi hamdir. Uning «Gumon», «Yettinchi falak» kabi asarlarida insoniy munosabatlar, xiyonat va sadoqat, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash shiddatli tasvirlangan. U jahon adabiyotining sara namunalarini, jumladan, mashhur faylasuf va shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan. Bu uning o‘z ijodida ham xalqaro adabiy tajribalardan unumli foydalanishiga zamin yaratgan. Ijodkorning bolalar uchun yozgan she’r va hikoyalari sodda, ravon va tarbiyaviy ahamiyati bilan ajralib turadi. Umuman olganda, Asror Mo‘min ijodi o‘zining falsafiy mushohadakorligi va insonparvarlik g‘oyalari bilan kitobxonlar mehrini qozongan.
Ijodkor turli yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, shuningdek, mamlakatimizdagi yetakchi bosma nashrlarda samarali faoliyat ko‘rsatgan. U «Shuhrat» medali sohibi (1999), «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» (2011) unvoniga sazovor bo‘lgan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Asror Mo‘minning “Kitob – kamolot kafolati” nomli kitobi jurnalistikaga qadam qo‘ygan yoshlar uchun ham o‘ziga xos ibrat maktabi.
N.Usmonova, S.O‘rmonov (surat), O‘zA