Shohjahon Ergashev Toshkentda jang o‘tkazadi
Professional boksning super yengil vazn toifasi bo‘yicha WBA, WBO va IBF yo‘nalishlarida chempionlikka da’vogar hamyurtimiz Shohjahon Ergashevning navbatdagi jangi joriy yil 30 noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.
Mazkur professional boks musobaqasiga tayyorgarlik jarayonlari borasida O‘zbekiston professional boks federatsiyasi bosh kotibi Bekzod Soliyev O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
- Haqiqatdan ham iste’dodli bokschimiz Shohjahon Ergashevning navbatdagi jangi 30 noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilishi belgilangandi. Ammo musobaqa televizion formatda bo‘lganligi va Ergashevning jangiga xorijlik boks ishqibozlarining qiziqishi inobatga olinib, joriy yilning 11 dekabriga ko‘chirildi. Jang poytaxtimizdagi «Zo‘r TV» tomoshalar maydonida o‘tkazilishi belgilangan, - dedi Bekzod Soliyev.
Professional boksda 20 ta rasmiy jang o‘tkazib, barchasida g‘alabaga erishgan hamyurtimiz Sh.Ergashevning 11 dekabrdagi raqibi haqida yaqin kunlarda ma’lum qilinadi. Shuningdek, ushbu musobaqa doirasida bir qator charm qo‘lqop ustalarining debyut janglari tashkil etilishi kutilmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA