Farg‘ona viloyatida “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” bosh g‘oyasi asosida bayram tadbirlari boshlandi.
Farg‘ona tumanining so‘lim Shohimardon qishlog‘ida o‘tkazilgan xalq sayllari katta shodiyonaga aylandi. Jonajon O‘zbekistonimizda olloh nazar qilgan maskanlar juda ko‘p. Ularning ichida Shohimardon o‘zining tarovati, purviqor tog‘lari, so‘lim tabiati, zilol soylari, toza havosi bilan barchani o‘ziga maftun etadi.
Mahalliy aholi Shalang, Xujan va Qizil tog‘ deb ataydigan tog‘larga boqib, toza havosidan to‘yib nafas olishning, Ko‘ksoy va Oqsoyning suvlaridan bahramand bo‘lishning gashti bo‘lakcha. Ayniqsa, bu yerga kelgan yurtdoshlarimiz aziz qadamjolarni ziyorat qilib, ruhan taskin topadi, ma’nan quvvat oladi. Hazrat Ali ziyoratgohi doimo mehmonlar bilan gavjumligi ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. “Shohimardon” va “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun tashkil etilgan bayram shodiyonalari barchaga shodumonlik ulashdi. Milliy udumga ko‘ra, dastlab “Hazrat Ali” ziyoratgohida dalalarda boshlangan dehqonchilik yumushlari barakali, hosillar mo‘l bo‘lishi hamda tinch-osoyishta, farovon hayot bardavom bo‘lishi uchun ezgu duolar qilindi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ziyoratgoh hududiga ko‘chat ekildi. Nihollar ko‘kka bo‘y cho‘zishi uchun yaxshi niyatlar bildirildi.
[gallery-10952]
Shohimardon markazidagi istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tgan ommaviy bayram saylida doshqozonlarda osh damlanib, Navro‘z dasturxonining shoh taomi – sumalak tortildi. Shohimardon va yordonliklar fayzli dasturxon atrofida, bir piyola choy ustida bayram shukuhidan bahramand bo‘lishdi. Purviqor tog‘lar bag‘rida quyosh ajib jilva qilib, qishloqning so‘lim va xushmanzara tabiati dillarga bahoriy kayfiyat ulashdi. Nuroniylar bunday e’tibor va g‘amxo‘rliklar uchun davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdi.
Navro‘z sayli davomida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi, aholining doimiy bandligini ta’minlash maqsadida “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan 20 nafarga yaqin xotin-qizlarga tikuv mashinalari taqdim etildi. Xorazm viloyatiga sayohat qilishlari uchun 30 nafar xotin-qizlarga bepul yo‘llanmalar berildi. Ehtiyojmand oila farzandlarining davolanish xarajatlari to‘lovlari, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning shartnoma pullarini to‘lab berish hamda imtiyozli kreditlar uchun sertifikatlar taqdim etildi. Hudud yoshlari bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun maktablarga musiqa cholg‘u asboblari, sport jihozlari, kitoblar to‘plami topshirildi.
Bahoriy taomlar ko‘rgazmasi, hunarmandlar mahsulotlari namoyish etildi. Belbog‘li kurash sport turi bo‘yicha viloyat ochiq birinchiligi bahslari qizg‘in kechdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov aholi bilan suhbatlashdi. Shohimardon va Yordon mahalla faollari, jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ularning takliflari, mavjud muammolar yechimi bo‘yicha fikr almashildi. Hududni rivojlantirish hamda obodonlashtirish ishlari yuzasidan manzilli dasturlar ishlab chiqish rejasi xususida so‘z yuritildi. Shohimardonning tabiiy sharoiti tufayli yilning to‘rt faslida ham sayyohlarni jalb etish imkoniyati borligi alohida ta’kidlanib, endilikda ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish tizimli tashkil etilishi ma’lum qilindi. Ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda joriy yil “Shohimardon yili” bo‘lishi kerakligi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Navro‘z ayyomida elimiz ardog‘idagi san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. To‘kin dasturxon tuzalib, bayram qatnashchilariga osh tortildi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov olgan surat