Fargʻona tumanidagi Shohimardon qishlogʻi dengiz sathidan 2500-2700 metr balandlikda joylashgan boʻlib, toʻrt tarafi togʻ bilan oʻralgan.
Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!
Fargʻona tumanidagi Shohimardon qishlogʻi dengiz sathidan 2500-2700 metr balandlikda joylashgan boʻlib, toʻrt tarafi togʻ bilan oʻralgan. Bu yerning tongi yana-da maftunkor. Togʻ ortidan bosh koʻtargan quyosh atrofni qizdira boshlaydi. Koʻchalar esa yana-da tarovatli. Togʻ odamlari bagʻrikeng, samimiy, mehnatkash.
Shohimardonliklar davlatimiz rahbarining mehri hamda eʼtiborini hamisha his etib turgani bois bugun hech kim hayotning katta, joʻshqin oqimidan chetda emas. Soʻnggi yillarda bu moʻjaz qishloq mutlaqo yangicha chiroy ochdi. Sayyohlar uchun oʻnlab dam olish uylari, kempinglar, mehmonxonalar qurildi. Xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq inshootlar foydalanishga topshirildi. Koʻchalarga asfalt yotqizilib, ichimlik suvi quvurlari tortildi. Tabiati goʻzal, havosi shifobaxsh, odamlari samimiy va mehmondoʻst Shohimardon va Yordon qishloqlarining yangi istiqboli bundan-da fayzlidir.

Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev viloyat boshqarma, tegishli tashkilot rahbarlaridan iborat ishchi guruhi bilan Shohimardonda boʻldi. Ishchi guruh bilan birgalikda 2019-yil 3-oktyabrdagi “Fargʻona viloyatining turistik salohiyatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hukumat qarorining ijrosini taʼminlash masalalari tahlil qilindi.
Shohimardonning betakror tabiat manzarasi, tarixiy ziyoratgohlari hududda turizmni rivojlantirishda juda qoʻl keladi. Ichki turizm rivoji hudud aholisining muqim daromad manbaini taʼminlovchi yana bir muhim omil boʻladi. Xorijlik sayyohlarni jalb etish va ichki turizmni rivojlantirish maqsadida bugungi kunda bu yerda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Viloyat rahbari mazkur yoʻnalishda belgilangan chora-tadbirlar va vazifalarni oʻz muddatida sifatli bajarish kerakligini taʼkidladi.

Jumladan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida asalarichilik, tikuvchilik, chorvachilik va boshqa yoʻnalishlar uchun 2 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratiladi. Shohimardonda shu oy oxirigacha xorijiy valyuta birliklarini sotib olish, almashtirish, pochta joʻnatmalarini olish kichik banki tashkil etiladi. Boʻsh turgan inshootlar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, davlat tasarrufida boʻlganlari tadbirkorlarga sayyohlik xizmatini tashkil etish sharti bilan sotilishi koʻzda tutilgan.
– Shohimardondagi sobiq dam olish uyini ayollar reabilitatsiya markaziga aylantiramiz, uni zarur tibbiy jihoz, mutaxassislar bilan taʼminlaymiz, – dedi Shuhrat Gʻaniyev. – Bu ishlar uchun zarur boʻlgan miqdordagi mablagʻni ajratamiz.

Shohimardonda 30 ta oilaga 200 million soʻmlik issiqxonalar qurib berish, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, birgina Yordon qishlogʻiga 7 kilometr suv tarmogʻini tortish, 15 kilometr elektr tarmoqlarini taʼmirlash yoki yangilash, 80 tonnalik suyultirilgan gaz saqlagich, tezkor internet tizimi bilan qamrab olish, veterinariya xizmati shoxobchasini tashkil etish, 200 nafar xotin-qiz uchun tikuvchilik korxonasini tez kunda ishga tushirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Ishchi guruh yigʻilishi Shohimardon markazida yaqinda qurilgan amfiteatr hududida boʻlib oʻtdi va uni qishloq ahli vakillari kuzatib turdi.

Shohimardonda aholiga birlamchi zarur boʻlgan barcha turdagi dori-darmon bepul beriladi, yoshlar uchun tashkil etilgan sport zallariga 15 turdagi yoʻnalishda mashgʻulot anjomlari keltirib beriladi, elektr quvvatining 24 soatlik taʼminoti kafolatlanadi, oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish uchun test imtihonlari Shohimardon qishlogʻida oʻtadi. Shu kuni viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev Shohimardon qishlogʻida oʻnlab xonadon egalari bilan uchrashib, suhbatlashdi. Ularning muammolarini joyida hal etdi. Shohimardon qishlogʻida koʻp tarmoqli shifoxona ishlab turibdi. Bu maskanga kislorod konsentratorlari va turli xil dori-darmonlar topshirildi.
– Bizga boʻlgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan minnatdormiz, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ikromjon Abduxoliqov. – Ha, Shohimardon boshqa davlat hududidagi “orolcha”. Ammo davlatimiz rahbari bizni hech qachon yolgʻizlatib qoʻymagan. Mana, bugun ham mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami arafasida 2500 qop un, 2500 ta har biri 5 litrlik yogʻ keltirildi. Uni barcha xonadonlarga birdek tarqatyapmiz.

Ikki kun davomida viloyatdagi boshqarma va tashkilot rahbarlari, mutaxassislari Shohimardon va Yordondagi 16 ta koʻchada joylashgan mingdan ziyod xonadonga birma-bir kirib, ularning holidan xabar oldi.
– Hali oldimizda yana hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar borligini aniqladik, – deydi viloyat hokimining oʻrinbosari, viloyat mahalla va aholini qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Saidmurod Aminjonov. – Qishloqqa qoʻshimcha tez yordam avtomashinasi, yoshlar uchun ish oʻrinlari, davlat xizmatlari koʻrsatish tuman markazining vakolatli shoxobchasi kerak. Biz barcha talab va istaklarni tez kunda oʻrganib, yechimini albatta topamiz.