Shoh va shoirga yuksak ehtirom (+video)
Andijonda o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, olim va shoir Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga bag‘ishlangan adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hakorligida tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, yurtimizdagi va xorijlik boburshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar tomonidan Bobur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, ulug‘ shoirga yuksak ehtirom ko‘rsatildi.
So‘ng viloyat teatrlari san’atkorlari tomonidan Bobur hayoti va ijodiga oid sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Keng sahnaga mahzun musiqa sadolari ostida salobatli, lekin yuz-ko‘zlarida g‘am-anduh namoyon Bobur Mirzo kirib keldi. U o‘z davrining nohaqlik, adolatsizlik, boshidan o‘tkazgan azob-uqubatlari haqida bitgan g‘azallaridan birini o‘qiy boshladi:
Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu?!
Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu?!
Meni xor ettiyu qildi muddaiyni parvarish,
Daxri dunparvarning o‘zga muddaosi qoldimu?
Meni o‘lturdi jafoyu javr birla ul quyosh,
Emdi tirguzmak uchun mehru vafosi qoldimu?
Oshiq o‘lg‘ach, ko‘rdum o‘lumni o‘zumg‘a, ey rafiq,
O‘zga ko‘nglumning bu olamda harosi qoldimu?!
Ey ko‘ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb,
Tengri uchun de, bu olamning safosi qoldimu?
Shundan so‘ng tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan mamlakatimizda keyingi yillarda xalqimizning boy madaniy merosi, ayniqsa, buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ko‘plab allomalar tomonidan yaratilgan nodir, bebaho ilmiy asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyati, insoniyat tafakkurining, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyati, madaniyatini yuksatirishdagi o‘rni va roli nihoyatda muhim ekanligini ta’kidlandi.
– Zahiriddin Muhammad Boburning serqirra ijodi juda katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo. – Ayniqsa, uning shoh sifatida amalga oshirgan bunyodkorlik, ilm-ma’rifat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, shoir, ijodkor sifatida butun dunyoga ma’lum va mashhurligi har bir yurtdoshimiz qalbini faxr-iftixorga to‘ldiradi.
Ulug‘ bobomizning adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari bizga tariximiz haqida juda ko‘p ma’lumotlar berish bilan birga, o‘sha davr yozma manbalarini o‘rganishimizda muhim manbaa bo‘lib xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi Qirg‘iziston bo‘limi rahbari, professor Begijon Ahmedov, boburshunos olim Hamidullo Boltaboyev Bobur hayoti va ijodi, o‘lmas asarlari, boburiylarning Hindiston, umuman, jahon taraqqiyotidagi o‘rni va roli, bugungi kunda Bobur ijodini o‘rganish, tadqiq etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi.
Adabiy tadbirda Andijondagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar, shuningdek, Andijon davlat universiteti talabalari, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan Boburning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.
Tadbir yakunlangach, Andijon shahrining Navoiy, Amir Temur shohko‘chalari bo‘ylab yoshlarning “Bobur izdoshlarimiz” shiori ostida yurishi o‘tkazildi.
Adabiy tadbir kunning ikkinchi yarmida viloyat hokimligida “Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy-adabiy merosining uchinchi renesans poydevorini barpo etishda tutgan o‘rni” mavzusidagi ilmiy anjuman doirasida davom etdi.
[gallery-15960]
Anjumanda Bobur ijodining o‘ziga xos qirralari, ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, tadqiq etish, bugungi avlodni tarbiyalash, tafakkurini yuksaltirishdagi o‘rni, roli va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Z. M. Bobur tavallud kuniga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar viloyatdagi mehnat jamoalarida, ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YPaFKShVWe0" title="Шоҳ ва шоирга юксак эҳтиром" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat, video), O‘zA muxbirlari