Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi akademik To‘ra Mirzayev nomidagi axborot-kutubxona markazi va tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi hamkorligida “Kitob – ma’naviyat chirog‘i” shiori ostida kitobxonlik haftaligi o‘tkazilmoqda.
Ushbu haftalik doirasida tumandagi yozuvchi va shoirlar, o‘quvchi-yoshlar, o‘qituvchilar, ziyolilar va kitobsevarlar ishtirokida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, yosh kitobxonlar uchun “Sevimli asarim”, “Kitob – bilim kaliti” tanlovlari, ochiq muloqotlar, adabiy kechalar hamda yangi adabiyotlar taqdimotlari o‘tkazildi.

Ishtirokchilar milliy va jahon adabiyotining sara namunalaridan iborat ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaa orqali tafakkurni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Bugungi kunda yoshlarni ilm-ma’rifatga, mutolaaga jalb etish jamiyatimizning asosiy vazifalaridan biridir, — deydi kutubxona rahbari H. Toyirov. – Bu kabi haftaliklar nafaqat yoshlarning bilimini oshiradi, balki ularning qalbida kitobga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlaydi.

Akademik To‘ra Mirzayev nomidagi kutubxona xodimlari tomonidan haftalik doirasida o‘quvchilar uchun elektron kitoblar, audio adabiyotlar va interaktiv o‘yinlar orqali kitobxonlikka yangicha yondashuvlar taklif etildi.
Shofirkondagi bu an’ana – yoshlarni ma’rifatga yetaklovchi, qalblarga nur, tafakkurga kenglik bag‘ishlaydigan ezgu tashabbus sifatida alohida e’tirofga loyiq.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari