Shofirkonda “Dolzarb 30 kunlik” davom etmoqda
Prezidentimiz g‘oyasi asosida so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirish va uni qayta ishlashning zanjirli usuliga asoslangan klaster tizimi paydo bo‘ldi. Mazkur yangi tuzilma o‘tgan juda qisqa vaqt ichida agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuch – “drayver”ga aylandi.
Shunday ekan, bugun nafaqat agrosanoat majmui, balki u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tarmoqlar istiqboli klaster uslubi bilan bog‘lanayotgani bejiz emas. Tarmoqda faoliyat yuritayotgan barcha insonlarning huquq va manfaatlari to‘la kafolatlanmoqda, klasterlar davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, qulay agrobiznes muhiti yaratilmoqda.
“Buxoro Zarhalteks” MCHJ shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasterining faoliyati tizimning nechog‘li samarali usul ekanini yana bir bor isbotladi. Birgina misol, Shofirkon tumanida 1 ming 500 gektar maydonda g‘alla yetishtirildi. Mavjud 100 dan ortiq fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq o‘z vaqtida olib borilgan agrotexnik tadbirlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va mineral o‘g‘itlarning yetkazib berilganligi yuksak samara berib, mo‘l hosil to‘plandi.
– Davlat omborlariga 4 ming tonnadan ortiq don topshirilib, belgilangan reja 110 foizga bajarildi, – deydi “Buxoro Zarhalteks” MCHJ direktori o‘rinbosari Bahodir Ziyoyev. – Rejadan ortgan don fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qolgani ularning moddiy manfaatdorligini oshirdi. Endigi navbat paxta hosili salmog‘ini oshirishga qaratilgan.
Aytish o‘rinli, paxtachilikda ham marra yuqori olingan. Joriy yil erta bahorda 3 ming gektar yerda “Buxoro-6”, “Buxoro-8”, “Buxoro-10” kabi serhosil paxta navini qadagan klaster tomonidan 1 ming 500 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi. Hozirda parvarish qizg‘in olib borilmoqda.
Albatta, “Dolzarb 30 kunlik” tadbirlari doirasida muhim agrotexnik tadbirlar, xususan zararkunandalarga qarshi kurashish, hosilni sifat jihatidan yuqori bo‘lishini ta’minlashga ham klasterda ishlar qizg‘in davom etmoqda. Marrani katta olgan klaster jamoasi avvalo, hudud farovonligi, aholining munosib turmush sharoitiga ega bo‘lishi yo‘lida ham ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. Paxtadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘z ichiga olgan yaxlit tizim ayni chog‘da viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga ham munosib ulush qo‘shmoqda.
“Buxoro Zarhalteks” paxta to‘qimachilik klasteri ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘z qaydnomalariga zarhal harflar bilan bitmoqda. Ayni paytda Shofirkonning olis cho‘l hududlari, yoki bo‘lmasam, oborotdan chiqqan massivlarda yerlarni o‘zlashtirish, hosildorlikni oshirish, mahsulot ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan ishlar ham izchil davom etmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA