Davlatimiz rahbarining 2022 yil 24 avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda.
Buxoro viloyatida ham noqonuniy barpo qilingan qurilmalarni bartaraf qilish jarayoni allaqachon boshlangan. Xususan, Shofirkon tumanida tegishli tashkilotlar hamda Kadastr agentligi tuman bo‘limi tomonidan hududdagi noqonuniy qurilishlar o‘rganilib, ularni ixtiyoriy bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.
–Agentlikning Shofirkon tumani bo‘limi tomonidan 2023 yilning o‘tgan davrida jami 52 holatda 14,50 gektar yer maydonlari fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ularning har biriga ogohlantirish xati berildi, –deydi Kadastr agentligi Shofirkon tumani bo‘limi boshlig‘i Sherali Qulliyev. –Aniqlangan holatlarning 27 tasida yer qonunbuzilishi holati jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ogohlantirishdan keyin ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan. 2,69 gektar yer maydonlari avvalgi holatiga qaytarilgan. Sug‘oriladigan yerlarda qonunga zid qurilish ishlari olib borilgani uchun besh holatda 0,41 gektar yer maydoni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qo‘shma tartib asosida prokuratura organiga o‘tkazildi.
[gallery-14423]
Kadastr agentligi Shofirkon bo‘limi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan 99 jismoniy va yuridik shaxsga 450,57 million so‘mdan oshiq jarimalar qo‘llanildi. Shuningdek, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 60-moddasi 2-qismiga asosan yuritilgan ishlarning 16 tasi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan birinchi marta sodir etilganligi hamda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasini qaytarganligi, oqibatlarini bartaraf etgani uchun huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik ishi tugatilgan.
Kadastr agentligi Shofirkon tumani bo‘limi o‘z oldiga qo‘yilgan rejalar asosida noqonuniy yer egallashlarning oldini olish ishlarini davom ettirmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari