Ma’lumki, har bir millatning ma’naviy boyligi uning xalq og‘zaki ijodi bilan o‘lchanadi. Olis tarixdan to bugunga qadar yetib kelgan maqollar, ertak va topishmoqlar, dostonlar shular jumlasidan.
Albatta, bu betakror xazinalar yillar chig‘irig‘idan o‘tib, ajdodlarning orzu-armonlari, iqrorlari va serhikmat xulosalari jamlangan ulkan merosga aylangan. Bunda dostonchilik maktabi alohida o‘rin tutadi. Yurtimizda Bulung‘ur, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo dostonchilik maktablari shakllangan. Ularning o‘ziga xos xususiyatlari bir-biridan ajratib turadi. Masalan, Xorazm dostonchilik maktabi vakillari boshqalardan farqli o‘laroq, termalarni tor va doira jo‘rligida ijro etishadi.

Biz Surxondaryo dostonchilik maktabining yirik vakillaridan biri O‘zbekiston xalq baxshisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shodmon Xo‘jamberdiyevni suhbatga chorladik.
—Baxshichilik sohasiga qo‘ygan ilk qadamingiz qanday bo‘lgan?
—Men 1967 yil 6 fevralda Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Oqko‘prik qishlog‘ida tug‘ilganman. Baxshichilik menga avloddan-avlodga o‘tib kelgan. To‘rtinchi vakilman. Ilk ustozim – amakim Ergash baxshi bo‘lgan. Olti-yetti yoshimdan boshlab termalar ayta boshlaganman. Ilk kuylagan dostonlarim “Alpomish”, “Suluvxon”, “Nuralining yutilishi”, kabi dostonlardan parchalar bo‘lgan. Keyinchalik qashqadaryolik Qodir baxshi Rahimov qo‘lida o‘n yil baxshichilik sirlarini o‘rganganman.
—Dostonlarning xalq orasida ommalashuviga qanday qaraysiz?
—Har birimiz bolaligimizdan ertaklar tinglab katta bo‘lamiz. Lekin biz ertak deb o‘ylaganimizning ko‘pi aslida dostonlardan parcha bo‘ladi. Biz baxshilar esa ularni yanada obrazliroq qilib, she’riy tarzda kuylaymiz. Garchand bugun har kim ham baxshi tinglab, so‘zlarni hazm qilolmasa-da, biroq hanuz baxshi shinavandalari yo‘q emas. Qolaversa, ayni vaqtda baxshichilik san’atini saqlab qolish va rivojlantirishga yurtboshimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilib, ulkan tashabbuslar ilgari surilayotgani ham bizni quvontiradi.

Xususan, Respublika baxshichilik maktab-internati tashkil qilingani fikrimizning isboti. Bugungi kunda o‘zim ham ushbu dargohda yoshlarga baxshichilik sirlaridan ta’lim berib kelmoqdaman. Muassasamizda 150 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim oladi. Shogirdlarimiz Respublika tanlovlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, bizni xursand qilib kelishmoqda. Shuningdek, 2019 yildan beri har ikki yilda Xalqaro baxshichilik festivali o‘tkazib kelinayotgani dunyo miqyosida ushbu san’atga qiziqish ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.
— Boshqa sohalarga qaraganda baxshichilik san’atida ustoz-shogirdlik an’anasi havas qilarli. Bu haqda fikringiz?
—Men avvalo har bir shogird ustozini rozi qilib, uning duosini olishi kerak, deb hisoblayman. Kamina ham barcha ustoz baxshilarning duosini olishga intilganman. Chunki ustozidan duo olgan shogird albatta ko‘karadi. Biz baxshilarning faoliyatimiz ham murakkab, ham o‘ta mas’uliyatli. Shuning uchun men doim ustozlarimning o‘gitlariga tayanaman.
—Baxshilarning katta-katta turkum dostonlarni yodda saqlab qolishlari siri nimada?
—Hamma bizning uzundan-uzun dostonlarni qanday yod olishimizga qiziqadi. Baxshilarning ajralib turadigan jihati aynan favqulodda kuchli xotirasida. Bu esa avloddan-avlodga o‘tadigan hodisa. Qolaversa, bizga do‘mbira ohanglarining o‘zi bevosita dostonni yodimizga soladi.
Ijro mobaynida auditoriya bilan albatta hisoblashamiz. Faqat so‘zga yoki ovozga urg‘u berib yuborishga haqqimiz yo‘q. Qayerda pauza qilish, qayerda ovozga urg‘u berish, qachon dostondan qanday parcha keltirish kerakligini aynan tinglovchilarning holati, kayfiyatiga qarab ijro qilamiz.
—Bugungi texnika asrida dostonlarni asrab qolish va targ‘ib etishni baxshilar qay darajada uddalayapti, deb o‘ylaysiz?
—Xalq og‘zaki ijodining ulkan xazinasini asrab qolish, uni kelajak avlod ongiga singdirish nafaqat baxshilarning, folklorshunos olimlarning, balki har birimizning burchimiz bo‘lmog‘i lozim. Zero, xalq daho. Shuning uchun ham bu xalqdan daholar yetishib chiqqan. Daholar yetishtirmoq uchun esa bizning etnik tarkibimiz hisoblanmish folklorimiz chashmasini quritib qo‘ymasligimiz lozim.
Shusiz ham bugungi kunda ma’naviyatimizga zahar sochuvchi omillar talaygina. Ana shunday zaharlardan asrash uchun avvalo yuksak ma’naviyat poydevori hisoblanmish xalq og‘zaki ijodi bilan hamnafas yashamog‘imiz lozim. Madomiki tafakkurimiz ildizi folklordan suv ichib yashar ekan, bizni yuksak marralar kutib turibdi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Zotan, daraxtning ildizi qancha chuqur bo‘lsa, u shuncha yaxshi ko‘karadi.
Sherbek Islomov, O‘zA