Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan “Shodlik” MFYda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, iqtisodiy va maishiy muammolarini aniqlab, yechim topish, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitib, bandligini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda.
“Shodlik” MFYda yil boshida mahallada istiqomat qiluvchi aholining 103 nafari “Temir daftari”ga, 49 nafari “Yoshlar daftari” ga, 34 nafar ayol esa “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ulardan 62 nafari ishsiz fuqarolardir.
Vazirlik tomonidan tuman aholisiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qator amaliy ishlar olib borildi. Xususan, “Shodlik” mahallasida istiqomat qiluvchi R.Norqobilova tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun “ROZIYA TEKS GROUP” ishlab chiqarish kooperativi tashkil etilib, 53 million so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. Natijada ushbu mahallada istiqomat qiluvchi 22 nafar ishsiz ayol ishga joylashtirildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanovning o‘zi bu kooperativga tashrif buyurib, ishchilarning mehnat sharoiti, ish jarayoni bilan tanishib, ishchilar bilan suhbatlashdi.

Bundan tashqari, vazirlikning ko‘magida Shodlik mahallasidagi Ibn Sino 2-mavzesi 7-8-uylar oralig‘ida joylashgan ta’mirtalab mahalla to‘yxonasi kapital ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirildi va yonidagi bolalar maydonchasi ta’mirlandi.
Shuningdek, mahalla hududida o‘quv maskani tashkil etilib, maishiy texnikalarni ta’mirlash va qandolatchilik yo‘nalishlari bo‘yicha 15 nafar ishsiz fuqaro o‘qishga jalb etildi. O‘quv maskanida tahsil olish muddati 3 oy bo‘lib, o‘quvchilarga vazirlik tomonidan oyiga 560 ming so‘mdan stipendiya ham to‘lanadi.
– Men yoshligimdan texnika buyumlariga, ularni ta’mirlashga juda qiziqaman. Mahallamiz hududida ochilgan bu o‘quv kursi meni xursand qildi. Hozir o‘qish bilan bir qatorda turli texnika buyumlarini ta’mirlab, tuzatish sirlarini o‘rganmoqdaman. Kelajakda ushbu hunarni mukammal o‘rganib, men ham shogirdlarga o‘rgatmoqchiman deydi, – mahalla fuqarosi, ikkinchi guruh nogironi Shuhrat Odilov.

Shuningdek, mahalladagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi “Yangi Beltepa boshqaruv servis” boshqaruv kompaniyasiga 8 nafar ishsiz fuqaro ishga qabul qilindi, shuningdek, mazkur boshqaruv kompaniyasiga elertrpayvandchi, santexnik, elektriklar uchun zarur jihozlar ijara asosida olib berildi.
Mahalla binosining orqa tomonidagi bo‘sh turgan yer maydonida zamonaviy konteynerlardan iborat “Mehnat guzari” tashkil etilib, unda tikuvchilik, sartaroshlik, qandolatchilik va zargarlik yo‘nalishlarida 42 ta yangi ish o‘rni tashkil etilib, mahallalardagi ishsiz fuqarolar ishga joylashtirildi.
– Biz bu yerda 20 turdagi shirinliklar, qandolat mahsulotlarini pishirishni o‘rganmoqdamiz. Tayyorlagan mahsulotlarimizning sotuvini ham yo‘lga qo‘yganmiz.Ayni kunlarda tug‘ilgan kunlar uchun tort mahsulotlarini pishirishni o‘rganmoqdamiz,– deydi qandolatchilik yo‘nalishi o‘quvchisi Dilfuza Abduhakimova.
Vazirlik tomonidan berilgan ko‘mak yordamida mahallada tadbirkorlik sub’ektlarining soni ortib, yangi ish o‘rinlari tashkil qilinmoqda.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA