Sho‘rchiga “Sovg‘alar karvoni” yetib keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 125-maktab-internatga o‘zgacha Yangi yil bayrami shukuhini ulashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 125-maktab-internatga o‘zgacha Yangi yil bayrami shukuhini ulashdi.
Maktab-internatda ta’lim-tarbiya olayotgan ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga agentlikning “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Sovg‘alar karvoni” xayriya aksiyasining turli shirinliklardan iborat Yangi yil sovg‘alari va 38 turdagi Brayl alifbosida chop etilgan kitoblar, audiokitoblar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari, sport anjomlari, musiqa asboblari tantanali topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Salomov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda yosh avlodni har taraflama barkamol voyaga yetkazib, ularning ta’lim-tarbiya olishi, jismonan chiniqishi va yurtga munosib insonlar bo‘lib ulg‘ayishi davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim yo‘nalishiga aylanganini alohida ta’kidladi. Bu jarayonda ijtimoiy himoyaga muhtoj va sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchaytirilayotgani qayd etildi.
Mazkur aksiya mamlakatimizdagi ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar maktab-internatlarida o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Viloyatda yagona ushbu ta’lim muassasasida 272 nafar ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan o‘g‘il-qiz saboq olmoqda. Ularga 82 nafar o‘qituvchi va 146 nafar tarbiyachi ta’lim-tarbiya berayotir. Yangi yil arafasida poytaxtimizdan yuborilgan sovg‘alar nafaqat o‘quvchilar, balki ularning ustozlariga ham munosib tuhfa bo‘ldi.
Ushbu maktab-internat o‘quvchilari mamlakatimizda o‘tkazilayotgan turli sport musobaqalari va ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga mo‘ljallangan sport jihozlari, musiqa asboblari ularning bu boradagi yutuqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
– Yangi musiqa asboblarida ishlash bizga zavq bag‘ishlaydi, – deydi muassasa musiqa fani o‘qituvchisi Ravshan Mahkamov. – Gitara, dutor, rubob, tanbur, nay, g‘ijjak kabi musiqa asboblarining yangi yil arafasida sovg‘a qilingani bizni quvontirdi. Bu san’atga oshufta o‘g‘il-qizlarimizning o‘z iste’dodini yanada kengroq namoyish etishi uchun qulay imkoniyat yaratadi. Bunday e’tibor uchun cheksiz minnatdormiz.
Tadbir yakunida bolajonlarga poytaxtdan yuborilgan turfa shirinliklar ulashildi. San’atsevar o‘quvchilar yangi musiqa asboblarida kuy-qo‘shiq ijro etdi. Brayl alifbosida chop etilgan O‘tkir Hoshimovning “Muhabbat”, Muhammad Yusufning “Xalq bo‘l, elim” kitoblaridan parchalar o‘qib berishdi. Bolalar kelajakdagi orzu-umidlari bilan o‘rtoqlashdi.