Shisha ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi
Navoiy viloyatida kvars xomashyosini qayta ishlash asosida shisha mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan, umumiy qiymati 76 million dollar bo‘lgan yirik investitsiya loyihasi muhokama qilindi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, loyiha Xitoyning Shandun provinsiyasi Sindao shahrida faoliyat yurituvchi “Qingdao Rongtai Glass Products” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Korxona “Rotar” brendi ostida yashil, oq va jigarrang shisha idishlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 1,1 million tonna yoki taxminan 2,3 milliard dona shisha mahsulotini tashkil etadi.

Loyiha uch bosqichda amalga oshirilib, besh yil davomida to‘liq quvvatga chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Birinchi bosqichni bir yil ichida ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Investorlarga Zarafshon shahri atrofidagi kvars qumi va boshqa zarur xomashyo bazalari tanishtirildi. Shuningdek, zavod qurilishi uchun elektr-kimyo zavodi hamda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan, barcha zarur infratuzilma bilan ta’minlangan yer maydonlari namoyish etildi.
Ayni paytda investorlar tomonidan mahalliy bozor hajmi va mahsulotlarga bo‘lgan talab o‘rganilmoqda. Korxonada ishlab chiqariladigan shisha mahsulotlarining bir qismini ichki bozorga yetkazib berish, qolgan qismini esa qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri