Shirkatlar tomonidan olingan milliardlab kredit to‘lanmagan
So‘ngi yillarda mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, minglab turar-joylar barpo etilmoqda.
Ma’lumki, uy-joylar fondi oshgan sari ko‘p kvartirali boshqaruv tizimida yechilmagan masalalar bilan birgalikda qo‘shimcha muammolar vujudga kelmoqda.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirda mamlakatimizda 39 ming 683 ta ko‘p qavatli uy-joylar bor. Unga 593 ta boshqaruv kompaniyasi va 772 ta shirkat xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 15 ta hududida ko‘p kvartirali uy-joylar joylashgan yerlarni ochiq tanlov o‘tkazish yo‘li bilan boshqaruvchi tashkilotlarga biriktirish bo‘yicha loyiha amalga oshirildi. Mazkur loyiha tufayli 1 ming 227 ta ko‘p kvartirali uyda istiqomat qiluvchi aholining yashash sharoitlari yanada yaxshilandi. Boshqaruvchi tashkilotlarning kredit qarzdorligi 2 baravarga qisqardi.
Shuni ham aytish joiz, Respublikada faoliyat olib borayotgan 772 ta uy-joy mulkdorlari shirkatining 311 tasida muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud. 2,5 mingdan ziyod aholiga tegishli xizmatlar ko‘rsatilmayapti.
Xabaringiz bor, joriy yilning 4 avgustida Prezidentimizning «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va boshqaruvchi tashkilotlarni moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, joriy yilning 1 sentyabrga qadar shirkatlar mulkdorlar qarori bilan tugatilgan taqdirda ularning muammoli kreditlari 3 yilga muzlatiladi. Ular tegishli ko‘p kvartirali uylarni boshqarish reytingi yuqori bo‘lgan boshqaruvchi tashkilotga beriladi. Joriy yilda 17 ming 530 ta ko‘p kvartirali uy boshqaruvchi tashkilotlarga biriktirildi.
Yana bir ma’lumot, 2017-2022 yillarda shirkatlar jami 1 887,2 milliard so‘m kredit olgan. Ushbu kreditlarning qoplanmagan qismi 1 156,8 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
bugungi kunda 1 303ta tugatilgan shirkatlarning 630 milliard so‘m kredit mablag‘lari 3 yilga muzlatilgan. Qolgan 772ta shirkatdan 311 tasida jami 201 milliard so‘m miqdoridagi muammoli kreditlar mavjud.
Shuningdek, muammoli kreditlari mavjud bo‘lmagan va barqaror ishlayotgan shirkatlar faoliyatiga hech kim aralasha olmaydi. bugungi kunda kredit olmasdan faoliyat yuritayotgan 167 ta shirkat mavjud va ularning faoliyati aholini qoniqtirib kelmoqda.
Endilikda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari elektron reyestrga kiritilgandan so‘ng faoliyatini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Hozirgi vaqtda aksariyat mulkdorlar boshqarish organlari to‘g‘risida, xususan, boshqarish organi rahbari, uning sertifikatga ega yoki ega emasligi, tashkilot manzili, boshqaruvidagi uylar to‘g‘risidagi ma’lumotga ega emas.
Yuqoridagi qarorda ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkning ayrim qismlari ijaraga berilishi va ijara to‘lovlari boshqarish organlariga to‘lanishi qat’iy belgilangan. Shuningdek, endilikda foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish usulini tanlash quruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Yangi qurilgan ko‘p kvartirali uy-joyning oldi-sotdi shartnomasi bilan bir vaqtda quruvchi tomonidan tanlangan boshqaruv usulidan sotib oluvchini xabardor qilish hamda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzish tartibi ham joriy qilinadi.
Yangi qurilgan ko‘p kvartirali uylarga faqat shaxsiy identifikatsiya kartasi orqali foydalanish imkoniyatiga ega va videokuzatuv funksiyalari mavjud lift uskunalari o‘rnatilishi ham belgilangan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA