“Shirin”da maktabgacha ta’lim tashkiloti ochildi
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Shirin" mahalla fuqarolar yig‘inida yana bir maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Shinam muassasaning tantanali ochilish marosimida viloyat prokurori U.Hamdamov, viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik M.Miralimov, tuman hokimi F.Umarov va boshqa mutasaddilar, sektorlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, usta quruvchilar, mahalla faollari qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugun ertamiz egalariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va rag‘bat kelgusida albatta o‘z samarasini berishiga, erta savodini chiqarishga jalb qilinayotgan bolajonlar ertaga el koriga yaraydigan insonlar bo‘lib voyaga yetishiga ishonch bildirdi.

Zamonaviy andozadagi bu muhtasham bino qurilishi uchun tuman hokimligining mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 185 million so‘m mablag‘ sarflangan. Hududdagi tashabbuskor homiy “Azamat Sulton” MCHJ korxonasi tomonidan 274 million so‘m mablag‘ ajratilgani quvonarli, albatta. Shuningdek, 90 o‘rinli bog‘chani to‘liq jihozlab ishga tushirishda Jamshid Niyozov boshchiligidagi “Navro‘zov Murodjon” MCHJ korxonasi hamda boshqa homiylar xayrli ishdan chetda qolishmadi.

Shinam va yangicha ko‘rinishga ega 14-sonli DMTT jamoasi malakali pedagog-tarbiyachilardan iborat. Muhimi, bu yerdagi bolalarning o‘yin-mashg‘ulot maydonchalari, ovqatlanish, yuvinish, dam olish xonalari yuqori talablarga mos shay qilingan. Albatta, bu bolajonlarimizning sifatli boshlang‘ich bilim olishi, har tomonlama sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishiga xizmat qiladi.

Hududda ayni kunda bog‘cha yoshidagi, ya’ni 3-7 yoshli bolalar soni 205 nafar bo‘lib, shundan hozirga qadar 70 nafari yoki atigi 30 foizi maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olingandi. Endilikda yangi ta’lim muassasasi tufayli yana 90 nafar jajji o‘g‘il-qiz ta’lim tizimiga jalb qilindi.
Mehmonlar bog‘chada yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri