Saudiya Arabistonining “ASWA Power” kompaniyasi bosh menejeri Jon Zaida, Shamol proyektlari bosh direktori Baxtiyor Ishnayev hamda kompaniyaning boshqa vakillaridan iborat delegatsiya Sirdaryo viloyatidagi Shirin energetika kollejida bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari kollejda yaratilgan sharoitlar, maxsus o‘quv- amaliyot xonalari bilan tanishtirildi. So‘ng shahar sektorlari rahbarlari, Sirdaryo IES, kollej rahbariyati hamda kompaniya vakillari ishtirokida iqtidorli o‘quvchilar bilan uchrashuv tashkil qilindi. Unda kompaniya vakillari tomonidan kafolatlangan bandlik asosida 2023-2024 o‘quv yilida kollejni tamomlagan bitiruvchilardan 56 nafarini “Nomas” dasturi bo‘yicha “Shamol energiyasi”, “Quyosh energiyasi” va “Bug‘-gaz turbina qurilmalari” yo‘nalishlari bo‘yicha bir yillik maxsus kurslarda o‘qitishni tashkil etishga kelishildi.


Shamol elektr stansiyalari qurilayotgan va qurilishi mo‘ljallangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro hamda Navoiy viloyatlaridan 48 nafar kollej bitiruvchisini Shirin energetika kollejida tashkil etiladigan maxsus kurslarda o‘qitish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida maxsus kurslarni tashkil etish hamda joriy yilning sentyabr oyidan o‘quv jarayonlarini boshlash yuzasidan shartnoma va kelishuvlar imzolandi.



Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri