Bugungi kunda ko‘plab iqtidorli yoshlarimiz xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qib, ilm-fan bilan shug‘ullanmoqda, yirik va yetakchi kompaniyalarda ish olib bormoqda. Ana shunday yuksak bilim va malakaga ega yoshlarimizdan biri Shirin Abdullayevadir.
Shirin hozirda Xitoyning Pekin shahrida joylashgan Sinxua universitetining Ijtimoiy fanlar fakulteti talabasi. Yoshlik paytidan san’at bilan hamohang o‘sib-ulg‘aygan Shirin “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. U “Tantana” ashula va raqs ansamblida shug‘ullandi va davlat tadbirlarida faol ishtirok etdi. Turli xalqaro tanlovlarda yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Shirin Abdullayeva O‘zbekiston va Xitoy hamdo‘stlik aloqalarini mustahkamlash borasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda o‘zining faol ishtiroki bilan ajralib turadi. Jumladan, u 2019 yil Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi ochilish marosimida, 2022 yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida, 2022 yil Pekin shahrida O‘zbekistonning mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan qabul hamda SHHT binosida o‘tkazilgan tadbirda, 2023 yil Pekindagi SHHT binosida o‘tkazilgan Navro‘z bayramlarida hamda 2023 yil 17 may Xitoy Turizm kuniga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlarda ishtirok etgan.

– 2021 yil Rossiya Federatsiyasi Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan bir qator tadbirlarda 6 ta birinchi o‘rin va bitta Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritganman, – deydi Shirin Abdullayeva. –Shuningdek, Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Tы Super” loyihasida yarim finalchi bo‘lib, 2022 yil Ispaniyaning Lloret De Mar shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda qatnashdim. Unda raqs yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin va qo‘shiq ijrosi bo‘yicha Gran-priga sazovor bo‘ldim.
Sinxua universitetiga kirishim ham juda esda qolarli bo‘lgan. Men imtihonlarni 2023 yilning 7 mart kuni Toshkentda turib, onlayn tarzda topshirishim kerak edi. Tasodifni qarangki, 6 mart kuni “Zulfiya” davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganim haqida xabar keldi. Albatta, har bir o‘zbek qizining orzusi bo‘lgan, shaxsan Prezidentimizning o‘zlari taqdirlashi rejalashtirilgan ushbu tadbirni o‘tkazib yuborolmas edim. Shu sababli universitet ma’muriyati bilan bog‘lanib, davlat mukofoti bilan taqdirlanayotganim haqida aytib, vaziyatni tushuntirdik. Ular bizga 9 mart kuni universitetning o‘zida oflayn imtihonlar bo‘lib o‘tishi, bemalol kelib, topshirishim mumkinligini bildirishdi. Shu bilan imtihonlarni Xitoyning o‘zida topshiradigan bo‘ldim.
Imtihonlarni topshirish uchun katta opam bilan borganmiz. Lekin universitet hududida faqat talabalar yurishi mumkin ekan, shu sababli bir o‘zimni olib kirib ketishgan. Hayajon kuchli bo‘lgan, chunki xitoy tilini opamchalik yaxshi bilmas edim, aslida shu uchun ham opamni sherik qilib olgandim. Keyinroq meni abituriyentlar jamlangan xonaga olib kirishdi, u yerda tengdoshlarim bilan suhbat qurib, muhitga moslashib, hayajonlarim anchagina bosilgan.

Xitoyda o‘qish boshida men uchun ozroq qiyin bo‘lgan. Biroq hozirgi vaqtda yangi do‘stlar orttirdim, madaniyatini oz bo‘lsa-da o‘rganib oldim. Oziq-ovqatlari va sharoitlarini inobatga olib, o‘zimga qulay bo‘lgan muhit yaratishga harakat qilmoqdaman. Yaqinda Sinxua universitetida “GLOBAL VILLAGE” festivali bo‘lib o‘tdi. Unda men ham tengdoshlarim kabi faol ishtirok etdim. Xitoyliklarning ko‘pchiligi bizning madaniyatimiz va tariximizga qiziqish bilan qarashadi. Men festival doirasida o‘zbek madaniyatini targ‘ib qilgan vaqtimda ichimda kuchli hayajon bo‘ldi. Sababi, mamlakatimizning buyuk tarixi va hozirgi kundagi hayotini aks ettirib berishga harakat qildim. Barcha ishtirokchilar va kuzatuvchilar chiqishimni juda iliq qarshi olishdi. Bu menga yanada motivatsiya berdi.
Kelajakda o‘qishimni magistratura bosqichida davom ettiraman. O‘qishlarimni tamomlagach, albatta, ona Vatanimga qaytaman, O‘zbekistonimiz rivojiga o‘z hissamni qo‘shish, ota-onamning orzu va istaklarini ro‘yobga chiqarish, mamlakatimizga o‘z sohamning mutaxassisi sifatida faoliyat ko‘rsatishni reja qilganman. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash va yanada olg‘a intilishdan to‘xtamayman.
Tengdoshlarimga tavsiyalarim shuki, avvalambor, maktabda boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni puxta o‘rganishi, xorij tillarini o‘rganishni boshlashlari lozim. O‘z qiziqishlarini aniqlab, shu sohaga e’tibor qaratgan holda faqat oldinga intilishlari muhim rol o‘ynaydi.
Shirin Abdullayeva “Qismat bitigi” o‘zbek serialida bosh qahramonning singlisi rolini, O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida suratga olingan “Merosxo‘r” filmida bosh qahramon rolini hamda rossiyalik taniqli kinorejissyor Artyom Mixalkov suratga olgan “Mister Nokaut” filmida Asmira rolini ijro etgan.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA