Eng katta boyligimiz bu xalqimiz salomatligidir. Mamlakatimiz tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ham aholi salomatlini muhofaza qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan. Buni Qashqadaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalari faoliyati misolida ko‘rish mumkin.
– Avvalo ta’kidlashimiz kerakki, yakunlanayotgan 2022 yil sog‘liqni saqlash tizimi uchun juda mas’uliyatli, sinovlar yili bo‘ldi, – deydi Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Bobur Teshayev. – Sababi sog‘liqni saqlash tizimi davlat va xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, aholi tizimdagi o‘zgarishlarga qarab davlatning faoliyatiga baho bermoqda. Aynan bugungi kundagi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson qadri uchun!” shiori ostidagi o‘zgarishlar tibbiyotdan boshlanganini alohida ta’kidlash zarur. 2022 yilning 18 mart kuni biz tibbiyot xodimlari uchun ulkan tarixiy sana bo‘lib qoladi. Shu kuni Prezidentimiz tomonidan sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda yillar davomida o‘z yechimini kutib turgan ko‘plab muammolarga javob topildi. Eng asosiysi, tibbiyot xodimlariga qator imtiyoz va qulayliklar yaratildi, shu bilan birga ularning zimmasiga xalqimizni rozi qilib, mehnat qilishlari borasida katta mas’uliyat yuklandi.
Bugun davr o‘zgarmoqda, talablar yangilanmoqda, jahonda tibbiyot juda ilgarilab ketmoqda. Biz o‘zimizni, ongu shuurimizni, o‘z ishimizga bo‘lgan munosabatimizni shu jarayonlarga mos ravishda o‘zgartirib borishga harakat qilishimiz zarur. Prezidentimiz muloqotdagi ma’ruzasida tizimdagi bir qator “kasallik” larimizning aniq tashxisi va “davo”sini belgilab berdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ma’ruzadagi yo‘nalishlar bizning ko‘zimizni ochdi. Endilikda aniq mexanizm asosida tizimli ishlash imkoniga ega bo‘ldik. Prezidentimiz ma’ruzasida tizimdagi barcha muammolar tizimlashtirilib, 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Har bir band bo‘yicha aniq moliyaviy manbalar, texnik yechimlar va amaliy mexanizmlar belgilandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 24 martdagi farmoyishi bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” asosida ishni qanday tashkil etish bo‘yicha aniq yo‘nalish belgilab berildi. Bu “Yo‘l xaritasi” shu kunlarda tizimda asosiy dasturilamalga aylandi.
“Yo‘l xaritasi” ijrosini eng avvalo pilot hududlar sifatida Chiroqchi tumani va Qarshi shahri, so‘ng butun Qashqadaryo viloyati miqyosida namuna sifatida ko‘rsatish ko‘zda tutildi. Shu maqsadda aprel oyidan boshlab Sog‘liqni saqlash vaziri rahbarligida vazirlik mutasaddilari hamda respublikaning barcha ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari vakillaridan iborat 150 kishidan ortiq guruh bevosita amaliy yordam uchun viloyatga kelib juda keng miqyosdagi sog‘lomlashtirish aksiyasi tashkil etildi. Aksiya doirasida Chiroqchi tumani markazida va yangi tashkil etilayotgan Ko‘kdala tumani hududida tibbiy ko‘riklar hamda vazirning “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” shiori ostidagi sayyor qabullari ham o‘tkazildi. Yakunlanayotgan yilda tibbiyot tizimiga qaratilgan bir qator Prezident farmon va qarorlari, hukumat qarorlari qabul qilingani barchamizni quvontiradi. Xususan, tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish, aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini, endokrinologiya, kardiologiya, onkologiya, qon bilan ishlash singari xizmatlarini takomillashtirish borasidagi qarorlar ijrosi doirasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda Qashqadaryo viloyatida 299 ta davlat, 622 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2022 yilda Investitsiya davlat dasturi doirasida 9 ta, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida 10 ta tibbiyot muassasasi foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, viloyatning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 2019 yil qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanib, yakunlanmay qolgan 10 ta ob’ektda 7 milliard 200 million so‘mlik bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda. Xususan, eng yirik tibbiyot muassasalari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Ko‘kdalada tibbiyot birlashmasi va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosi qurilmoqda. Koson tumani tibbiyot birlashmasi binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda sud-tibbiy ekspertiza viloyat filiallari, viloyat OITS markazi, Shahrisabz tumani bolalar shifoxonasida keng miqyosdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
2022 yilda 2 ta oilaviy poliklinika, 8 ta oilaviy shifokor punkti faoliyati qayta tiklandi. 3 ta hududda – Shahrisabz shahri, G‘uzor va Kasbi tumanlarida tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi. Xususan, bu markazlarda ish boshlagan gemodializ bo‘limlari bemorlar uchun katta qulaylik yaratdi. Yangi ochilgan Ko‘kdala tumanida ham xuddi shunday 4-muassasa tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazini ochish mo‘ljallanmoqda. Ayni paytda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida “Ona va bola” klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Mazkur klaster bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidan tashqari perinatal markaz, tug‘uruq kompleksi, skrining markazi, reproduktiv salomatlik markazi, bolalar onkogemotologiyasi, bolalar kardioxirurgiyasi, kardioreanimatsiya bo‘limlaridan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishda “bir qadam” tamoyilida yangi mexanizmni joriy etilmoqda.
[gallery-10108]
O‘rganishlar va aholi takliflarini inobatga olib 95 ta olis va chekka hududda konteyner shaklidagi mahalla tibbiy punktlarini tashkil etildi. Natijada qishloq aholisiga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati ko‘rsatish sifati yaxshilanadi. Sohada raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilayotgani tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Tizimdagi 222 ta muassasaga optik tolali kabel kiritilgan va yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan. Tizim xodimlari kompyuter savodxonligi bo‘yicha IT-markazlarda o‘qitilmoqda. Tibbiyot muassasalarida bosqichma-bosqich “Elektron poliklinika”, “Elektron hujjat almashinuvi” tizimlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan radiologiya va onkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya viloyat filiallari singari bir qator muassasalarda “Elektron shifoxona” tarmog‘i ishlayotgani bemorlarimiz uchun katta qulayliklar yaratdi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi viloyat davolash profilaktika muassasalarida, shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan shifokorlar soni 5069 nafarni (har 10 000 aholiga nisbatan 27,7 foiz) tashkil etar edi. Ular safiga tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining 6-kurs, magistratura va klinik ordinatura talabalari hisobidan jami 273 nafar yosh mutaxassis ishga qabul qilingani bizni juda quvontiradi. “Qishloq shifokori” dasturi asosida olis va chekka hududlar 11 nafar oliy ma’lumotli shifokor bilan ta’minlandi. Ularning har biriga 30 million so‘mdan rag‘bat puli to‘lab berildi.
Olis hududlarda shifokorlar uchun 7 ta xizmat uyi tashkil etildi. Viloyatimizda jami 37 nafar vrach Rossiya, Turkiya. Janubiy Koreya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari singari xorijiy mamlakatlar klinikalarida malaka oshirib qaytdi. Bugun tizimning rahbar kadrlar tarkibi yosharib borayotganini alohida ta’kidlash zarur. Birgina joriy yilning o‘zida ko‘plab yirik muassasalar va tibbiyot birlashmalariga yosh mutaxassislar rahbar etib tayinlandi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan maxsus jihozlangan mobil poliklinika imkoniyatlari orqali viloyatning har bir shahar va tumanidagi olis hududda malakali mutaxassislar ishtirokida “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni aholiga yanada yaqinlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bu maqsadda 4 ta davlat tibbiyot muassasasi – viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiallari tomonidan davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan 3 milliard so‘m ga shartnoma tuzildi.
Bu yo‘nalishda 2 ta xususiy tibbiyot muassasasi – “Doktor Boboyev” va “Shifo-nur” xususiy klinikalarida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda, xususan, yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkazilmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, tibbiyot sohasini xalqqa yanada yaqinlashtirish maqsadida joylardagi tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati muassasalari faoliyatini chuqur o‘rganib chiqib, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan viloyatda tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish hududiy dasturi bo‘yicha yo‘l xaritasini belgilab oldik. Asosiy qismi kelgusi yilda bajarilishi mo‘ljallangan mazkur dastur ijrosi uchun mahalliy byudjetdan jami 26,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur dastur doirasida xususan quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi. Qarshi shahar tez tibbiy yordam markazi negizida Respublika tez tibbiy yordam markazi Qashqadaryo hududiy filiali joylashtiriladi. Bu yerda ta’mirlash-rekonstruksiya, qo‘shimcha binolar qurish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Filial zamonaviy talablar asosida jihozlanadi, yagona “Call-markaz” va situatsion muvofiqlashtiruvchi bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Tez tibbiy yordam xizmati xodimlari va maxsus avtotransport vositalari (ehtiyot qismlar, yonilg‘i-moylash materiallari va boshqalar), dori va sarflash materiallari, tibbiy jihozlar bilan ta’minlash mazkur filialga o‘tkaziladi. Filialda Toshkent shahar tajribasi asosida elektron boshqaruv tizimi joriy etiladi. Har bir tibbiy brigada planshetlar va ularning zaxiralari bilan ta’minlanadi. Shuningdek, mazkur dastur asosida viloyatda tog‘li hududlar hisoblangan Dehqonobod, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Yakkabog‘ tumanlari uchun tez tibbiy yordam xizmatida sanitar aviatsiya shaklida tibbiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Viloyatda tibbiyotning xususiy sektorida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi yilda tizimda ko‘zda tutilayotgan eng katta yangiliklardan yana biri – Qarshi davlat universitetining Tibbiyot fakulteti negizida Qarshi tibbiyot institutini tashkil etish xususida ish olib borilmoqda. So‘zimning yakunida o‘z hamkasblarimga va xalqimizga murojaat qilmoqchiman. Qadrli shifokorlar, hamshiralar, orastabonlar, barcha yo‘nalishdagi tibbiyot xodimlari. Xalqimizning ishonchu ixlosini qozonish oson ish emas, bu juda katta mehnat, harakat, izlanish va fidokorlikni talab etadi. Bu yo‘lda kerak bo‘lsa, halovatu farog‘atdan kechish, kunni tunga ulab astoydil ishlash talab etiladi. Ayniqsa, keyingi yillarda pandemiya sinovlarida bunga o‘zingiz qayta-qayta amin bo‘ldingiz. Haqiqiy e’zoz va ehtirom, el olqishi va duosi mana shundan keyin keladi. Ishoning, tibbiyot xodimi uchun bundan ulug‘roq baxt yo‘q. Buning uchun astoydil jon kuydirishimiz zarur. Prezidentimiz “Shifokorning nafaqat ustidagi xalati, eng avvalo, ko‘ngli ham, qo‘li ham pok bo‘lishi lozim”, deb uqtirdi. Qolaversa, shifokor farzandi ekanligidan g‘ururlanishini alohida ta’kidladi. Mana shu ishonchga munosib bo‘laylik!
“Inson qadrini ulug‘lash va shifokor mehnatini qadrlash” tamoyili asosida tizimga berilayotgan e’tiborga halol mehnatimiz bilan munosib javob qaytaraylik.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.