Shifokorlar – kun qahramonlari
Dunyo boʻylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi tibbiyot sohasi va shifokorlarning insoniyat hayotidagi oʻrni va ahamiyati naqadar muhim ekanligini har qachongidan ham yaqqol namoyon etdi.
El boshiga ish tushganda
Dunyo boʻylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi tibbiyot sohasi va shifokorlarning insoniyat hayotidagi oʻrni va ahamiyati naqadar muhim ekanligini har qachongidan ham yaqqol namoyon etdi.
Bugun ular oʻz hayotini xatarga qoʻyib boʻlsa-da, har kuni, har soatda minglab, millionlab odamlar sogʻligʻini tiklash, hayotini asrab qolish uchun kurashmoqda.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bu xastalikka chalinganlar soni dunyo mamlakatlari boʻyicha olib qaralganda eng koʻp AQSH, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniyada qayd etilgan. Turli mamlakatlarda xastalikka oid raqamlar turlicha boʻlishiga qaramay, virus dunyo aholisi oldidagi jiddiy xavf sanaladi.
Maʼlumki, yurtimizda ham ushbu kasallikka qarshi kurash uchun barcha kuch va mablagʻlar epidemiya keng tarqalishining oldini olish, virus bilan kasallanganlarni sogʻaytirishga qaratilgan. Hozirgi vaziyat har bir kishining zimmasiga katta masʼuliyat yuklagan. Ayni paytda eng ogʻir vazifa shifokorlar zimmasida ekanligiga guvoh boʻlib turibmiz. Aynan ularning fidoyiligi, taʼbir joiz boʻlsa, qahramonligi tufayli respublikamizda sanitariya-epidemiologik holat barqarorlashib bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tojdor virus bilan bogʻliq muammolar yechimiga aniq yoʻnaltirilgan farmon va qarorlari, shuningdek, videoselektor yigʻilishlarida bu xavotirni tezroq bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Tabiiyki, eng masʼul vazifa shifokorlar zimmasida ekanligi taʼkidlab oʻtildi.
Davlatimiz rahbari koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha qator videoselektor yigʻilishlari, xalqimizga yoʻllagan murojaatlarida ham shifokorlarning mehnati, fidoyiligiga alohida eʼtibor qaratdi. Ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, qoʻllab-quvvatlashga doir qaror qabul qilindi. Tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlariga qaratilgan bunday yuksak ishonch, hurmat bejiz emas, albatta.
Tibbiyot xodimlari murakkab sharoitda ogohlik va qahramonlik bilan oʻz vazifalarini bajarib kelayotir. Jumladan, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ikki hafta mobaynida koronavirusga chalingan bemorlar davolandi. Oʻta ogʻir, mashaqqatli muolaja bilan shugʻullangan 67 nafar tibbiyot xodimi reabilitatsiyaga kuzatildi va ular oʻrniga navbatdagi shifokorlar ish boshladi.
Bu raqam va faktlarni qayd etishning oʻzi yetarli emas. Buning uchun avvalo, shifokorlarning mehnati, masʼuliyati qanchalar qaltis ekanini his qilish muhimdir. Axir ular har kuni, har daqiqada bemorlarni kuzatib borish, uzluksiz tibbiy tahlillar oʻtkazish, kerakli muolajalarni oʻtkazish va ayni paytda oʻzlarini bu kasallikdan asramogʻi kerak boʻlayotir. Bunday jasur, tajribali tibbiyot xodimlari mehnatini yana-da koʻproq qadrlamoq kerak.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda hayot barqaror surʼatda davom etmoqda. Eng asosiysi, ming-minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa shifokorlarning fidoyi xizmati, oʻz burchiga sadoqati tufayli koʻrayotgan tezkor choralarimiz oʻzining ijobiy natijasini bermoqda”, degan soʻzlari butun xalqimiz uchun katta dalda va shifokorlar mehnatiga bildirilgan katta ishonch boʻldi.
Butun dunyo, jumladan, mamlakatimizda shifokorlarning har qanday sharoitda ham oʻz kasbiga sadoqati, xalqimiz salomatligini asrash yoʻlidagi fidoyiligi barchamiz uchun jasorat namunasi deyish mumkin. Albatta, bunday qiyin sharoitda yurtdoshlarimizga begʻaraz yordamga shaylangan va buni amalda koʻrsatayotgan fidoyi insonlarni koʻrib ruhimiz koʻtariladi.
Sinovli kunlarda volontyorlar ham jonbozlik koʻrsatishmoqda. Jumladan, ular muhtoj oilalar, qarovchisini yoʻqotgan, yolgʻiz pensionerlarga mahalliy hokimliklar orqali oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish, joylarda kundalik mahsulotlar sotuvini tashkil qilish kabi turli yoʻnalishda koʻmaklashmoqda. Xususan, Toshkent tibbiyot akademiyasining talabalari ham sidqidildan begʻaraz yordam orqali fidoyilik koʻrsatmoqda.
Xalqimizda “El boshiga ish tushganda befarq qarab boʻlmaydi”, degan ibora bor. Buni xususiy klinika shifokorlari ham oʻz faoliyatida namoyon etmoqda. Ular ham koronavirus pandemiyasiga chalinganlarni sogʻaytirish uchun hamkasblariga yaqindan yordam bermoqda.
Ha, hozir butun dunyo aholisi ushbu kasallikka qarshi kurash oldida oʻziga xos sinovni boshdan oʻtkazmoqda. Ana shunday kurashda shifokorlarimizning fidoyiligi, jasorati ruhimizga katta tayanch boʻlmoqda. Zero, insoniyat bu sinovni mustahkam iroda, mehr-oqibat, hamjihatlik bilan yengib oʻtadi.
Svetlana INAMOVA,
“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya
fondi boshqaruvi raisi.