SHHTning Samarqand sammitida 400 nafar ko‘ngilli tarjimon ishlaydi
Sentyabr oyida Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkaziladi. Mazkur xalqaro forum doirasida yana bir qator nufuzli anjumanlar, siyosiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tadbirlarga tashrif buyuradigan xorijiy delegatsiyalar hamda mehmonlarga tarjimon sifatida hamrohlik qilish uchun Samarqand davlat chet tillar institutida tarjimonlik bo‘yicha ma’lum tajribaga ega o‘qituvchi hamda talabalar orasidan 400 nafar ko‘ngilli tarjimonlar ro‘yxati shakllantirildi.
Bundan tashqari, 110 nafar talaba zaxira ro‘yxat sifatida shakllantirildi. O‘qituvchi va talabalarning 80 foizi koronavirusga qarshi buster doza bilan emlangan. Tarjimonlar guruhi rus, xitoy, ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, yapon, koreys, arab va turk tillari bo‘yicha shakllantirildi.

Samarqand davlat chet tillar institutida ko‘ngilli guruhning tayyorgarligi muhokama etilgan tadbirda shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.
– O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan ko‘ngilli tarjimonlar uchun maxsus kiyim-bosh tayyorlanadi, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov. – 8, 10 va 12 avgust kunlari institutimizda Samarqand viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetidan mutaxassislarni jalb etgan holda tarjimonlar uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etiladi.
Seminar davomida ko‘ngilli tarjimonlar uchun maxsus tavsiyanoma va yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi. Yig‘ilishda forumga hozirlik bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
G‘.HASANOV, O‘zA