SHHTning Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi ta’sis etiladi
Senat yalpi majlisida “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi bitimini (Tyanszin, 2025-yil 1-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur bitim bilan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ning doimiy faoliyat yurituvchi organi – Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi ta’sis etilmoqda. Markazning joylashgan joyi etib Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahri belgilangan.
Markaz a’zo davlatlar vakolatli organlarining giyohvand moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishdagi hamkorligini muvofiqlashtirish, kelishilgan tezkor-profilaktik tadbirlarni rejalashtirish, transmilliy uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish hamda mintaqadagi narkotik vaziyatni monitoring va tahlil qilish vazifalarini bajaradi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur qonunning qabul qilinishi giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, hamkor davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda fuqarolarimiz salomatligi va mamlakatimiz xavfsizligini ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
N.Abduraimova, O‘zA