
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini yurtimizdagi millionlab talabalar ham hayajon, ham qiziqish bilan kuzatishmoqda. Kelajak avlod sifatida sammit doirasida ilgari surilgan tashabbuslar talaba-yoshlar uchun ham muhim.
Quyida talabalarning sammit haqidagi fikr-mulohazalari bilan tanishing.
Fazliddin JAMOLOV, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 4-bosqich talabasi:
– Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti bu tashkilotga a’zo va hamkor davlat rahbarlarining so‘nggi 3 yil ichidagi ilk bor yuzma-yuz uchrashuvidir. Ushbu uchrashuv doirasida O‘zbekistonga 14 ta davlat rahbari keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashkilot doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, logistika va innovatsiyalar kabi sohalardagi hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslari alohida ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada olib borilayotgan siyosat natijasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Jahonda yuz berayotgan tahlikali vaziyatni hisobga olgan holda, davlatimiz o‘z oldiga SHHT faoliyatini yangi mazmun-mohiyat bilan boyitish, xususan, transport-tranzit yo‘laklarini yaratish, innovatsion va raqamli taraqqiyot, iqtisodiy o‘sishning yangi yo‘nalishlarini belgilash, iqlim o‘zgarishlari va ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurash borasidagi tashabbuslarni hayotga tatbiq etish kabi vazifalarni qo‘ygan bo‘lib, ularning amaliy natijasi tashkilotning kelgusi mavqeini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Qolaversa, SHHTning asosiy jozibadorligi iqtisodiy, harbiy rivojlanish darajasidan yoki erishilgan xalqaro obro‘-e’tibordan qat’i nazar, uning a’zolarining teng huquqliligidir. SHHT nizomida tashkilot qarorlari konsensus asosida qabul qilinishi belgilanganligini alohida ta’kidlash lozim.
Mohigul TO‘LANBOEVA, Farg‘ona davlat universitetining Fizika-texnika fakulteti 3-bosqich talabasi:

– Bugun dunyoning yetakchi xorijiy davlatlari va keng jamoatchilik nigohi – Samarqand mezbonligida bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga qaratilgan. Bu jarayon biz – talabalar uchun ham qiziq. Chunki jahonda sodir bo‘layotgan turli geosiyosiy o‘zgarishlar davrida qo‘lni-qo‘lga berib, bir stol atrofida xalqlarning manfaatlari yo‘lida muhokamalarga kirishish hamkor mamlakatlar yoshlari, ularning taqdiri uchun ham juda muhim.
Voqeliklarni har soatda katta qiziqish bilan kuzatar ekanmiz, sammit doirasida o‘zini to‘liq namoyon etayotgan O‘zbekiston hukumatining tinchliksevar siyosati, Prezidentimizning tashabbuskor g‘oyalari, sammitga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlayotgan Samarqand zamini men va talaba tengdoshlarim qalbini g‘urur va faxrga to‘ldirmoqda.
Shahribonu ABDUVOHIDOVA, Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi:

– Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo barcha davlatlar – eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va strategik hamkorlarimizdir. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, mazkur xalqaro sammit sabab Samarqand – tashqi siyosat bobida ustuvor yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga qodir bo‘lgan platformaga aylana oladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bo‘lib o‘tayotgan xalqaro sammitning yuqori saviyada tashkil etilishida Samarqand davlat chet tillar instituti ham o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Ko‘hna Samarqandimiz haqida xorijdan tashrif buyuradigan mehmonlarga batafsil ma’lumot berishga malakali tarjimon-volontyorlarimiz saralab olinib, ular bilan o‘rtada ko‘prik bo‘lish bizga vazifa sifatida belgilandi.
Tarjimonlar guruhi hozirda rus, xitoy, ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, yapon, koreys, arab va turk tillari bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. Alohida ta’kidlashim joiz, bizga mana shunday mas’uliyatli vazifa biriktirilgan ekan, albatta, ushbu xalqaro tadbirga munosib hissa qo‘shishga harakat qilamiz!
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
yozib oldi.