SHHT Samarqand sammitida ilgari surilgan dastur va g‘oyalar o‘rganilmoqda
Joriy yil 15-16 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti va unda ko‘rilgan masalalar dunyo xalqlari tomonidan, xalqaro ekspertlar, siyosatshunoslar, shu jumladan, mamlakatimizdagi barcha soha va tarmoqlarda keng muhokama etilib, ilgari surilgan dastur va g‘oyalar, olamshumul islohotlar o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan o‘tkazilgan ma’naviyat va ma’rifat soatida ham SHHT sammitida ilgari surilgan islohotlarning mohiyati ishtirokchilarga tushuntirildi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan ma’naviyat soatida viloyat studiyasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi apparati xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari rahbarlari va xodimlari hamda tuman-shahar studiyalari orqali tarmoq kasaba uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Kengash raisi Erkinjon Nuraliyev boshqarib borgan seminarda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning sammitda qilgan ma’ruzasida «Shanxay ruhi» tamoyillari asosida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash, SHHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlash borasidagi tashabbuslari haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Shuningdek, bo‘lim mudiri Abror Otaboyev tomonidan SHHT sammitida iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish, SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazish, kelasi yilda O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish, SHHT makonida BMTning qo‘llab-quvvatlashi ostida Toshkent shahrida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini tashkil etish singari qator tashabbuslarning ilgari surilgani to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Ha, ushbu tashabbuslar shubhasiz, tashkilot doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, a’zo davlatlar iqtisodiyotini yuksaltirishga, qolaversa, xalqaro miqyosdagi qator muammolarni ijobiy hal etilishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, seminarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi bo‘lim mudiri Tursunali Karimov tomonidan «Ijtimoiy sheriklik – ish beruvchi va xodimlar hamkorligi» mavzusi bo‘yicha ham ishtirokchilarga bir qator ma’lumotlar berildi.
Shohsulton To‘xtamatov,
jurnalist