SHHT – O‘zbekiston: Mintaqaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda
Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Prezident Administratsiyasi vakillari, Tashqi ishlar vazirligi mas’ullari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shuningdek JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
[gallery-22143]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Universitet rektori Sodiq Safoyev tadbirni ochib, SHHT hududida dunyo aholisining 40 foizdan ortig‘i istiqomat qilishi, global yalpi ichki mahsulotning chorak qismidan ko‘pi tuzilma tarkibidagi mamlakatlarga to‘g‘ri kelishiga e’tibor qaratdi. Shu nuqtai nazardan “SHHT oilasi” jipsligi tufayli yuzaga chiqayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanish va birgalikda rivojlanish tamoyilini izchil ravishda hayotga tatbiq etish mumkinligini ta’kidladi.
Munozara davomida SHHT doirasidagi iqtisodiy hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik, madaniy-gumanitar aloqalarga doir dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Qiziqarli muloqot yakunida talabalar va o‘qituvchilarning savollariga javob berarkan, Nurlan Yermekbayev o‘z tajribasidan kelib chiqib, yosh mutaxassislar xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligi xususidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Musulmon Ziyo, Otabek Mirsoatov (surat) O‘zA