SHHT Milliy koordinatorlari Toshkentda to‘plandi
Bugun Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi.
Toshkent shahrida joylashgan SHHT Mintaqaviy aksilterror uyushmasi binosida gibrid shaklda bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda tuzilmaga a’zo barcha mamlakatlar hamda Tashkilot Kotibiyati vakillari ishtirok etyapti.

O‘zbekiston raisligida kechayotgan, o‘ziga xos ramziy ma’noda 15 iyun – SHHT tashkil topgan kun oldidan ish boshlagan bu galgi anjuman kun tartibidan, odatdagidek, bir qator muhim va dolzarb masalalar o‘rin olgan.
Delegatsiyalar vakillari dastlab 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilangan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashi navbatdagi majlisiga tayyorgarlikning borishini muhokama qildilar. Mavzu yuzasidan O‘zbekiston tomonining axboroti tinglandi, atroflicha fikr almashildi. Sammitda ko‘rib chiqiladigan hujjatlar, Samarqand deklaratsiyasi, qabul qilinadigan qarorlar loyihalariga alohida e’tibor qaratildi.

To‘rt kun davom etadigan tadbir davomida qatnashchilar SHHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari hamda Tashqi ishlar vazirlari kengashlari yig‘ilishi bilan bog‘liq tayyorgarlik ishlarini ham tahlil qiladi. Bu jarayonda TIVK dasturi, SHHT Kotibiyati hisoboti va muhokamaga kiritiladigan hujjatlar ro‘yxati ko‘rib chiqiladi.
Anjumanga 17 iyun kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida bo‘lib o‘tadigan SHHT Xartiyasining 20 yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya yakun yasaydi.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA