SHHT Iqlim kengashi bugungi kunning dolzarb masalasi
Samarqand sammitida ko‘tarilgan tashabbusga bir nazar
Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitida muhokama etilgan dolzarb masalalarga mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ekspertlar tomonidan munosabat bildirish hali-hanuz davom etmoqda.
Darhaqiqat, ushbu xalqaro tadbirda aniq maqsad va manfaatni mujassam etgan 44 tarixiy hujjat qabul qilindi. Ushbu hujjatlarda SHHT davlatlarining o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, savdo kabi muhim va istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga doir umumiy yondashuvlari aks etgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyo hamjamiyati oldida turgan iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslar yetishmasligi singari dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Rosti, bugun yer yuzida atrof-muhit juda ifloslanib, ekologiya achinarli holatga kelib qolgani hech kimga sir emas.
Davlatimiz rahbari ekologik tahdid va xatarlar ortib borayotgan bir paytda Orol dengizi ekologik fojeasi halokatli oqibatini bartaraf etish ustuvor vazifamiz ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan SHHT huzurida siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar, ekspert-ekologlar, biznes vakillarini birlashtira oladigan Iqlim kengashini tuzish taklifini kiritdi.
Ushbu mexanizm “yashil” taraqqiyot, cho‘llanish va tuproq tanazzuliga qarshi kurashish, ekologik loyihalar, jumladan, Orolbo‘yi uchun innovatsion yechim va moliyaviy mablag‘ jalb qilishga ko‘maklashadi.
Zero, bugungi kunda hech bir davlat qanchalik iqtisodiy rivojlanishga ega bo‘lmasin, yakka holda ekologik vaziyatni yaxshilash tugul, yumshatish imkoniga ham ega emas. Buning uchun, albatta, davlatlar ishni hamjihat, hamkor bo‘lib tashkil etishlari lozim.
Mamlakatimiz yetakchisi jahonda oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi yuz berishi tobora oydinlashib kelayotgani, bu borada SHHT doirasida faol hamkorlik qilish taqozo etilishini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish va kelgusi yili O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakati bilan Sammit doirasida SHHT Davlat rahbarlari kengashining uchta – iqlim o‘zgarishiga nisbatan javob harakatlari, global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda energetika xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi bayonot imzolandi.
Shuningdek, SHHT mamlakatlari vakolatli idoralari o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, SHHT mamlakatlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi hamkorligi dasturi, SHHTga a’zo davlatlar tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish va davolash masalalarida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, SHHT mamlakatlarining “aqlli” qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyani joriy etish sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi qabul qilindi.
Ekologik muammolarga e’tibor qaratish mohiyatidan kelib chiqib, Samarqand sammiti ishtirokchi-davlatlari yetakchilari O‘zbekiston rahbariyati tashabbusini qo‘llab, «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazida daraxt ekish tadbirida qatnashgani chuqur ma’no kasb etadi.
Zero, sharq xalqlari qadriyatida daraxt ekish xayrli ish, deb baholanadi. Davlat rahbarlarining birgalikda yaratilajak bog‘i ham SHHT mamlakatlari do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi, taraqqiyoti va ravnaqi sari mushtarak intilish ramzi sifatida qabul qilinadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qabul qilingan ekologiyaga oid qonun va qonun osti hujjatlari
Prezidentimiz tomonidan Iqlim kengashini tuzish taklifi ilgari surilishi bejiz emas. O‘zbekistonda 2017-2022 yillarda tabiiy muhit va ekologiyaga oid 40 ga yaqin qonun, qonun osti normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslar, jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni, Prezidentning “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi, “Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi va “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari shular jumlasidan.
Prezidentning 2022 yil 28 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan “2022- 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi”ning 79-81-maqsadlari Aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarda ekologik ahvolni yaxshilash, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish va o‘rmon maydonlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surish, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida har yili kamida 200 million tup daraxt ekish, «Yashil makon» umummilliy loyihasi tashabbusiga mos tarzda respublikaning 10 hududida aerobiologik monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish, maishiy chiqindini yuz foiz yig‘ish, qayta ishlash darajasini 2026 yilga qadar 21 foizdan 50 foizga yetkazish, Respublika bo‘yicha 51 yer usti tabiiy suv ob’ekti (daryo, kichik daryo va tabiiy ko‘llar)ning sanitariya-muhofaza zonalari va sohil bo‘yi mintaqalarini belgilash ishlarini yakunlash, Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 500 ming gektar yashil maydon barpo etib, 2026 yil yakuniga qadar yashil yer umumiy hajmini 2.5 million gektarga yoki jami hududning 78 foiziga yetkazish, Orol bo‘yida xalqaro «Yashil iqlim» va Global ekologik jamg‘armalarning biologik xilma-xillik, iqlim o‘zgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan dasturlari asosida 300 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish, shahar va tuman markazlarida har 50-100 ming aholi uchun «jamoat parklari» tashkil etish, Orol bo‘yi mintaqasida yashovchi aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, O‘rmon fondining tog‘li va tog‘ oldi hududlari plantatsiyalarini barpo qilish, cho‘l hududlarida o‘simliklarni ko‘paytirish, hududlarda himoya o‘rmonzorlari barpo etish, Davlat o‘rmon fondi yerida o‘rmondan foydalanish, o‘rmon fondini kengaytirishni tartibga solish, O‘rmonlarni qo‘riqlash va muhofaza qilish mexanizmini tubdan qayta ko‘rib chiqish kabi dolzarb, o‘ta muhim masalalarni qamrab olgan hujjatlarni ta’kidlash kerak.
Davlatimiz rahbarining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, «Yashil makon» umummilliy loyihasi tatbiq etilib, Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar qimmatbaho navlari kesilishiga moratoriy amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi, 2022-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «yashil bog‘lar» barpo etish dasturi va 2022-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yangi hamda madaniyat va istirohat bog‘lari negizida tashkil etilayotgan «yashil jamoat parklari» ro‘yxati tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 iyundagi “Atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan “2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit monitoringi dasturi” tasdiqlandi.
Mazkur hujjat bilan respublikada “Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining Yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasi” yaratilgani ta’kidlanib, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash, Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Gidrometeorologiya xizmati markazi va Fanlar akademiyasi Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi bo‘yicha idoraviy elektron axborot ma’lumotlar bazasi Yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilindi.
bugungi kunda Konstitutsiyamizga fuqarolarning ekologik huquqini ta’minlash, atrof-muhitga xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning zararli ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish, shaharsozlik hujjatlari loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi to‘g‘risidagi normalarni kiritish masalasi muhokama qilinayotgani, fuqarolarning ekologik huquqi va majburiyatini belgilash, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun mas’uliyatini keskin oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalasiga jiddiy e’tibor berilayotganidan darak.
Shuningdek, ekologiyaga oid qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish va ixchamlashtirish, ekologiya va tabiiy muhitni muhofaza qilishga oid qonun va qonun osti huquqiy hujjatlarini o‘zida birlashtirgan Ekologik kodeksni yaratish ustida jadal ish olib borilayotgani ham muhim ahamiyatga ega.
Ekologiya oid dolzarb qonun hujjatlarini qabul qilish yaxshi, lekin bu hujjatlarning ijro mexanizmini yaratish va amalga oshirish juda murakkab jarayon hisoblanadi.
Yurtimizda atrof-tabiiy muhit muhofazasi bo‘yicha
olib borilayotgan ishlar
Alohida qayd etish lozim, 2019-2020 yilda o‘tkazilgan “Bir million daraxt” aksiyasi davomida O‘zbekistonning barcha hududlarida jami uch million 800 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish belgilab qo‘yildi.
O‘tgan kuni, ya’ni 11 oktyabrda Yurtboshimiz ishtirokida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilishi ham qayta ko‘rib chiqildi.
“Yashil makon” doirasida yil yakuniga qadar 75 million dona va 2023 yil bahorda yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chat o‘tqazish vazifasi qo‘yildi.
O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha dolzarb 40 kunlik e’lon qilindi.
Aholi xonadonlarida, dala chetlarida ko‘proq mevali daraxt va sabzavot ekishni faol targ‘ib qilish zarurligi ta’kidlandi.
“Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimiz madaniyatiga aylanishi lozim”, dedi Prezident.
Viloyat hokimlariga kuz mavsumida kam ta’minlangan 500 ming xonadonga 10 tupdan mevali daraxt ko‘chatini bepul tarqatish vazifasi topshirildi.
Bir necha yil avval davlatimiz rahbari tashabbusi doirasida BMT shafeligida Orol bo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi tuzilganini eslatmoq joiz. Prezident huzurida Orol bo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Orol bo‘yida innovatsiyani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Dengizning qurigan tubida muhofaza o‘rmonzorlari, Amudaryo deltasida kichik suv havzalari barpo etilmoqda.
Orol fojiasidan aziyat chekkan hudud aholisi hayotini yaxshilash, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatini yumshatish, mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida ulkan ishlar bajarildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, 42 yil davomida hammasi bo‘lib 400 ming gektar maydonga saksovul ekilgan bo‘lsa, 2018-2019 yillar davomida, ya’ni qish-bahor mavsumida qariyb 500 ming gektarda muhofaza o‘rmonzorlari barpo etildi.
To‘plangan tajribadan kelib chiqib, yana ikki yilda 700 ming gektar yerni yashil hududga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi. Buning uchun o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan ikki ming tonna urug‘, jumladan, 1.5 ming tonna saksovul, 300 tonna qandim, 150 tonna qoraburoq va ellik tonna cho‘l ozuqasi o‘simliklari urug‘i jamg‘arish, 100 million donadan ziyod saksovul ko‘chati tayyorlash, yuz kilometr masofada qumni zichlash, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va hamkorlik o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu tadbirlar natijasida yaqin yillari Orol bo‘yida ekologik holatni barqarorlashtirish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, bandlikni oshirish, chorvachilikni rivojlantirish uchun zamin yaratiladi.
Mo‘ynoq tumanini jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida 2019-2021 yillarda jami 1 trillion 485 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, tuman markazida 800 o‘rinli amfiteatr, davlat xizmatlari markazi, musiqa va san’at maktabi, sport zali, yopiq basseyn qurildi, madaniyat markazi va stadion, "Bozatau" ovul fuqarolar yig‘inidagi oilaviy poliklinika rekonstruksiya qilindi.
Eng dolzarb ekologik masalalardan biri - chiqindini qayta ishlash muammosini bartaraf qilish maqsadida tez orada Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan Koreya Respublikasi “Sejin G&E So., Ltd.” kompaniyasining “Toshkent viloyati “Ohangaron” va “Maydontol” maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasi yuzasidan shartlashilganligi ham muhim ahamiyatga ega.
Takliflar
bugungi kunda yurtimizda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boylikdan oqilona foydalanish, resurslarni qayta tiklash, inson faoliyatining tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirish sohasida tizimli davlat siyosati yuritish, ushbu yo‘nalishni «korrupsiyasiz soha»ga aylantirishda jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari xususan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik katta ahamiyatga ega.
Har bir fuqaro o‘zi yashab turgan hududda atmosfera havosi tozaligi, daraxtlarni, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, maishiy chiqindini belgilangan joyga tashlashga befarq bo‘lmasa, har qanday qonun buzilishi holati to‘g‘risida tegishli vakolatli idoralarga xabar bersa, albatta, amaliy natijaga erishiladi.
Shuningdek, davlat va xususiy sheriklikni faol jalb qilgan holda maishiy chiqindini to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ham tizimli ishlarni amalga oshirish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasida barcha turdagi ta’lim muassasalarida ekologiya o‘quvi majburiyligi belgilab qo‘yilgan. Bu norma talablari bajarilishi to‘liq ta’minlanishi aholining ekologik savodxonligini yuksaltirish, ekologik tarbiya va targ‘ibotni kuchaytirish, oliy ta’lim muassasalarida ekologiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ko‘lamini kengashtirish, ekolog-pedagog, ekolog-yurist, ekolog-muhandis, ekotexnolog kabi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanishiga hamda mulkchilik shaklidan qati nazar barcha davlat idoralari va muassasalarda, xususiy korxona va tashkilotlarda ekolog lavozimi joriy etilishi bu lavozimga tayinlangan munosib ekolog-kadrlar atrof-tabiiy muhitga va fuqarolar sog‘ligiga zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan dolzarb muammolar yechimiga xizmat qiladi.
Kutilayotgan natijalar xulosa o‘rnida
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda SHHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot bo‘lib, tuzilmaga a’zo mamlakatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan oshadi. Bu Yevroosiyo qit’asi hududining 60 foizdan ortig‘i, degani, SHHT mamlakatlarining umumiy aholisi 3.2 milliard kishi, bu - dunyo aholisining, qariyb, yarmi. Tashkilot 8 doimiy a’zo, to‘rt kuzatuvchi va to‘qqiz muloqot bo‘yicha sherik davlatni birlashtirgan. 21 mamlakatdan iborat “SHHT katta oilasi” uch qit’a – Osiyo, Yevropa va Afrikani qamrab olgan. Keyingi yillarda boshqa mamlakatlarning ushbu tuzilma bilan u yoki bu formatda o‘zaro hamkorlik o‘rnatishga qiziqishi tobora o‘sib borayotganini e’tiborga olsak, Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu tashkilot huzurida tuziladigan Iqlim kengashi qanday ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lishini tasavvur qilish mumkin.
O‘ylaymanki, O‘zbekiston rahbarining ekologiyaga oid takliflari bugungi ekologik muammolarni zudlik bilan hal qilishga, nafaqat SHXTga a’zo davlatlar, balki butun dunyo hamjamiyati e’tiborini o‘ta muhim ekologik muammolarga hamkorlikda yechim topishga, kutilgan-kutilmagan tabiiy ofatlarning oldini olib, kelajak avlodga barqaror tabiiy muhit va ekologik tizimni yetkazishga xizmat qiladi.
O‘ktam HAMRAEV,
yuridik fanlar bo‘yicha
falsafa doktori (PhD), dotsent