SHHT hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi to‘g‘risida
Joriy yil 30 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.
Ilk bor Hindiston Respublikasi raisligida o‘tkazilgan ushbu anjumanni mazkur mamlakat vitse-prezidenti Venkaya Naydu olib bordi. Majlisda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Askar Mamin, Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Artyom Novikov, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar bo‘yicha federal parlament kotibi Abbos Andlib ishtirok etdilar.
Bundan tashqari, sammit ishida SHHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afg‘oniston Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti Amrulla Solih, Eron Islom Respublikasi vitse-prezidenti Ishoq Jahongiriy, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri o‘rinbosari Sodbatar Yangugiin, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov hamda SHHT Bosh kotibi V.Norov va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori J.G‘iyosov qatnashdilar.
Ma’lumki, joriy yil 10 noyabrda bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Tashkilot doirasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kuchaytirish, raqamli savodxonlikni rivojlantirish, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan dolzarb tashabbuslar ilgari surilgan edi.
bugungi SHHT hukumat rahbarlari kengashining majlisida O‘zbekiston tomoni ushbu tashabbuslarning amaliy ijrosini ta’minlash yuzasidan ko‘riladigan choralarga to‘xtalib o‘tdi. Davlatimiz rahbari bildirgan takliflarni amalga oshirish SHHT davlatlarining barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida, shu jumladan, pandemiya sharoitida kasallik oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan hamkorlikni chuqurlashtirish istiqboli, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik Dasturini amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasi va Tashkilot faoliyatiga tegishli boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, majlisda SHHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasining hisoboti tinglandi.
Kun tartibidan o‘rin olgan qator hujjatlar qabul qilindi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2021 yilda Qozog‘iston raisligida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vazirining matbuot xizmati