SHHT faoliyatida Xitoy va O‘zbekiston hamkorligi
Ma’lumki, o‘tgan yil sentyabr oyida Xitoy Xalq Respublikasi 2024-2025 yillarda SHHT raisligining ustuvor jihatlari haqida batafsil ma’lumot berib, siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha muhim strategik vazifalarni bayon qilgan edi.
Raislik doirasida rejaga muvofiq, 100 dan ziyod tadbir o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Bu jarayon nafaqat SHHT maydonida shakllangan an’anaviy yo‘nalishlar, balki ichki, mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, o‘zaro bog‘liqlik zanjiri, innovatsiya, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, “yashil” taraqqiyotni moliyalashtirish, raqamli transformatsiya kabi yangi, bugungi kun talabiga mos sohalarni rivojlantirish maqsadini ham qamrab olgan.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi va Xitoyning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil qilingan “SHHT harakatda: Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqboli” mavzusidagi davra суҳбатида Oliy Majlis deputatlari, vazirlik, idoralar mas’ullari, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, Xitoyning bir necha ilmiy va oliy ta’lim muassasalari ekspertlari, a’zo davlatlarning yurtimizdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari, respublika oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda SHHTga raislik doirasida o‘tkaziladigan qator tadbirlar yuzasidan ma’lumot berildi, O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi istiqboli muhokama qilindi.
Markaz direktori Qobiljon Sobirov O‘zbekiston – Xitoy aloqalari rivojida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rais Si Szinpin o‘rtasidagi ishonchli munosabat hal qiluvchi omil ekaninini ta’kidladi.
XXRning respublikamizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun SHHTga raislik borasidagi rejalar, amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov so‘nggi yillarda Xitoy bilan parlamentlararo aloqalar jadal rivojlanib, qonunchilik faoliyati bo‘yicha faol almashinuv yo‘lga qo‘yilganiga e’tibor қаратди.
O‘zbekistonning SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori N.Ubaydullayev mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lgan SHHT ochiq, pragmatik va keng ko‘lamli o‘zaro manfaatlarga asoslangan hamkorlik yo‘lini davom ettirish uchun har qachongidan ko‘ra zarurroq ko‘p qirrali platforma sifatida namoyon bo‘layotganini aytib o‘tdi.
SHHTning Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik qo‘mitasi Bosh kotibi Szyu Xunbo xitoydan onlayn videomurojaat yo‘lladi.
Ma’ruzachilar ikki davlat munosabati barqaror rivojlanayotgani, tomonlar yuqori darajadagi tashriflar hamda SHHT doirasidagi muloqotlarda mintaqaviy va xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan ixtiloflarning oldini olish borasida izchil hamkorlik o‘rnatgani to‘g‘risida so‘z yuritishdi.
Tadbir yakunida millatlararo totuvlik, hamkorlik, hamjihatlik, do‘stona aloqani mustahkamlash, o‘zaro munosabatda xalq diplomatiyasi mexanizmidan keng foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy ildizi asrlarga borib taqaladigan munosabatlari o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Mintaqalarni bir-biriga bog‘lagan, o‘zaro madaniy almashinuvni ta’minlaydigan Buyuk Ipak yo‘li bugungi kunda yangicha ahamiyat kasb etib, o‘z yo‘nalishi bo‘ylab mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida iqtisodiy, madaniy-gumanitar ko‘prikka aylanmoqda.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA