Sherzod Shermatov Butunjahon sun’iy intellekt konferensiyasida ishtirok etdi
Xitoyning Shanxay shahrida Butunjahon sun’iy intellekt konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Konferensiyaning ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etib, sun’iy intellektni rivojlantirish, uning xavfsiz va mas’uliyatli qo‘llanilishi hamda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruza bilan so‘zga chiqdi.

Nufuzli xalqaro tadbirda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ham ishtirok etdi.
Joriy yilgi WAIC konferensiyasi doirasida sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va global AI boshqaruvi masalalariga bag‘ishlangan 140 dan ortiq forum, panel sessiyalari va muhokamalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan 1400 nafardan ortiq ekspert va soha vakillari, 1100 dan ziyod kompaniya ishtirok etmoqda. Shuningdek, 300 dan ortiq yangi texnologik mahsulot va yechimlar ilk bor taqdim etiladi.

Konferensiya doirasida sun’iy intellekt sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni almashish, AI texnologiyalarini amaliyotga joriy etish hamda global boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Nigora Rahmonova,
O‘zA