Sheroboddagi yirik issiqxona majmuasida ish qizg‘in
Prezidentimizning joriy yil 25-martdagi “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 940 gektar zamonaviy, energiya tejamkor issiqxona majmuasi bunyod etilmoqda.
Xalqimizning ma’murchilik manbaiga aylanadigan hududda ishlarni tizimli, qulay va samarali yo‘lga qo‘yish uchun “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, bu yerda mahsulot yetishtiradigan tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilmoqda. Kompleks ishonchli elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv bilan ta’minlanayotir.
– Yirik majmuani yetarli oqova suv bilan ta’minlash uchun Sherobod tumanidagi R 13 kanalining 15 kilometri sig‘imi 2,5 kub-metrdan 6 kub-metrga aylantirilmoqda, – deydi “Surxondaryo suv qurilish invest” korxonasi direktori Mahmud Zoirov. – Shu kunlarda tozalash, kengaytirish ishlarini olib boryapmiz. Beton yotqizishga tayyorlanyapti. Shuningdek, 35 kilometr masofadagi kollektor tozalanmoqda. Barcha ishlarni tez va sifatli bajarishni rejalashtirib olganmiz.
Yangi issiqxona kompleksini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali ishchilari ham qizg‘in mehnat qilmoqda.

– Majmuaga 20 kilometr masofadan tabiiy gaz quvuri tortib kelinadi, – deydi filialning Sherobod tumani gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Abror Haydarov. – Hozir ikki brigada jalb etilib, 219 diametrli gaz quvuri tortilmoqda. Qisqa vaqtda ikki chaqirimdan ortiq gaz quvuri montaj qilindi. Ishlar uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Erkin iqtisodiy zonani toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 7,1 kilometr masofaga quvur yotqiziladi. Shu kungacha bunyodkorlar uch kilometrdan ortiq quvur tortdi. Bu ish amalga oshirilgach, kanalizatsiya tarmoqlari ham barpo etiladi. Majmuaga bir yo‘la yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari ham o‘rnatilayotir.

Mutaxassislarning aytishicha, issiqxona majmuasi to‘liq ishga tushgach, yiliga 126 ming tonnadan ortiq mahsulot yetishtiriladi. 18 ming tonnasi shu yerda qayta ishlanib, 6 ming 300 doimiy va 8 ming mavsumiy ish o‘rni yaratiladi. Loyiha hududda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilib, viloyatning eksport salohiyatini oshiradi. Energiya tejamkorligiga xizmat qiladi. Erkin iqtisodiy zona ishtirokchilariga alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar qo‘llaniladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri