Sherobodda xatlov ishlari va mulk huquqlarini rasmiylashtirish davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Oltin voha mahallasida O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida xatlov ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.
Jarayonda Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassislari mahalla yettiligi vakillari, faollar va aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda fuqarolarga qonunning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilib, yer va mulk huquqlarini qonuniy rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, aholining savollariga batafsil javob qaytarilib, huquqiy savodxonlikni oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, hududda xatlov ishlari malakali mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilib, fuqarolarga tartib, bosqichlar hamda zarur hujjatlar yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.
Hozirgi kunda Sherobod tumanida 48 ta mahalla mavjud bo‘lib, Kadastr agentligi tasdiqlagan reja-jadvalga muvofiq joriy yilda 9 ta mahallada xatlov ishlari o‘tkazilishi belgilangan. Jarayonlarga 8 nafar malakali mutaxassis jalb etilgan.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlar bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, hozirga qadar tumanda jami 7 600 ta ob’ekt to‘liq xatlovdan o‘tkazildi, shundan 2 100 tasi “E’tirof” axborot tizimiga kiritilgan.
[gallery-29572]
Mazkur ishlar fuqarolar mulk huquqlarini himoya qilish, yer va inshootlarni qonuniylashtirish hamda aholining huquqiy ongini oshirishga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA