Sherobodda qurilayotgan yirik issiqxonada qanday imtiyozlar berilmoqda?
Mamlakatimizda aholini sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ortiqchasini xorijga eksport qilish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohada yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar yurtimiz bozorlarining qishu yozda arzon va to‘kinligini, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotir.
Prezidentimizning joriy yil 25-martdagi “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Mutaxassislar mazkur hujjat qishloq xo‘jaligini yanada yuksaltirishda muhim qadamlardan biri bo‘lganini qayd etmoqda. Jumladan, qaror asosida 2026-2027-yillarda mamlakatimizda issiqxona xo‘jaliklarini kengaytirish va ular samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 940 gektar maydonda zamonaviy, energiya tejamkor issiqxona majmuasi bunyod etilmoqda.
Issiqxonalar to‘liq ishga tushgach, 6 ming 300 doimiy va 8 ming mavsumiy ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, yirik loyiha hududda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilib, viloyatning eksport salohiyatini oshirishi bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Ayni paytda tumandagi Oltin voha mahallasi hududida qad rostlayotgan issiqxonalar majmuasida qurilish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Uni boshqarish va rivojlantirish uchun “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi tashkil etildi.

Direksiya issiqxonalarda zamonaviy, energiya tejamkor va raqamli agrotexnologiyalarni joriy etib, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, tomchilatib sug‘orish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytiradi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etib, davlat-xususiy sheriklik asosida klaster va kooperatsiya modelini rivojlantiradi. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi. Issiqxona xo‘jaliklariga “yagona darcha” tamoyili asosida muhandislik tarmoqlariga ulanish, eksport hujjatlarini rasmiylashtirish va davlat subsidiyalarini olish jarayonlarini to‘liq amalga oshirishga, talabgor tadbirkorlarning mahsulotlarini saralash, qadoqlash va sovitish omborlarini o‘z ichiga olgan zamonaviy agrologistika markazini tashkil etish loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi.
Massivda issiqxona xo‘jaligini yuritadigan tadbirkorlar uchun chet elning ilg‘or tajribalarini o‘rgatish uchun Niderlandiyaning “World Horti Center” innovatsiya va bilim markazi bilan hamkorlik o‘rnatish, maxsus o‘quv dasturini joriy etish ham belgilangan. Buning uchun “World Horti Center” innovatsiya va bilim markaziga mahalliy va Direksiyaning mutaxassis hamda agronomlarini olib borib, issiqxona xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or innovatsiya va tajribalari o‘rgatiladi.

– Qarorda erkin iqtisodiy zonamiz ishtirokchilariga alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar qo‘llanilishi ham belgilab qo‘yilgan, – deydi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori O‘.Shoymanov. – Ular yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil ijara to‘lovining nol stavkasi qo‘llanadi. Иссiқхонаlarda sug‘orish va texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan oqova hamda yerosti suvlari uchun to‘lovlardan uch yil muddatga ozod etiladi. Bunday imtiyozlar ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirib, mahsulot tannarxini arzonlashtirishga xizmat qiladi.
Surxon vohasining tuprog‘i unumdor. Iqlimi mo‘’tadil. Qishu yozda turli oziq-ovqat mahsulotlarini parvarishlash uchun qulay sharoitga ega. Viloyatdagi yirik, energotejamkor, zamonaviy issiqxona majmuasida ham yiliga 126 ming tonnadan ortiq tabiiy, servitamin mahsulot yetishtirib, uning 18 ming tonnasini shu yerda qayta ishlash, mahalliy bozordan ortgan qismini xorijga eksport qilish mo‘ljallanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri