Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida past hosilli paxta maydonlarining 3 ming gektari uzoq yillik ijara asosida anorzorlar barpo etish uchun aholiga berilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq 2022-2025 yillarda viloyatda 14 ming 600 gektar past hosilli paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga ijara huquqi asosida foydalanishga beriladi. Bu yerlarda hududning iqlimiga mos meva-sabzavot va poliz mahsulotlari, dukkakli ekinlar yetishtiriladi.
Sherobod tumani aholisi sifatli anor yetishtirishning hadisini olgan. Buning uchun hudud qulay iqlimga ega. O‘tgan yili tumanda 20 ming tonnadan ortiq anor yig‘ishtirib olindi. Uning o‘n ming tonnaga yaqini xorijga eksport qilindi. Shuningdek, anorni qadoqlash va tabiiy sharbat ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi.
Yaqingacha tumanda 2 ming 400 gektardan ortiq anorzor bor edi. O‘tgan yili hosildorligi past bo‘lgan uch ming gektardan ziyod paxta va g‘alla maydonlari o‘rnida fermer va tadbirkorlar yangi anor bog‘lari barpo etdi.
Joriy yilda dehqon xo‘jaligi tashkil etib, anor ko‘chati ekayotgan sohibkorlarning yangi bog‘lari uch yilda hosilga kirib, dastlabki yillarda o‘rtacha 18 ming tonna meva yig‘ib olinadi. Uning bir qismi mahalliy bozorda sotiladi, tumandagi zamonaviy korxonada qayta ishlanadi. Ortiqchasi xorijga eksport qilinadi.
Tumanda yerlarni ijara asosida sohibkorlarga berishda ularning dehqonchilikdagi tajribasi e’tiborga olinmoqda. Masalan, Bog‘obod mahallasida 5 ming 500 dan ortiq kishi yashaydi. Aholining aksariyati tomarqasida anor, uzum parvarishlaydi. Chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Hududda paxtadan mo‘ljaldagi hosilni bermayotgan 53 gektar maydon tanlab olinib, anor parvarishlashning hadisini olgan kishilarga 1-2 gektardan taqsimlab berildi. Ular dehqon xo‘jaligi tashkil etib, yerlarni tekisladi. Mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantirib, anor ko‘chatlarini ekdi.
–Bu maydonlarda suv tanqisligi paxta hosildorligini pasaytirib yuborgan edi,– deydi hokimning mahalladagi yordamchisi Bexzod Ergashev.– Bo‘lg‘usi sohibkorlar esa artezian quduq qazdirib, mahsulot yetishtirishga bel bog‘ladi. Dehqon xo‘jaliklari uchun bitta quduq qazdirish 12 million so‘mga tushmoqda. Ular birgalashib, 15 ta artezian qudug‘i kovlatdi. Buning natijasida 53 oilaning ishsiz a’zolari bandligi ta’minlanmoqda.
Mahallada yashaydigan Ochil Qodirov oila a’zolari bilan mehnat qilish uchun ikki gektar yerni ijaraga oldi. Bu yerga ukasi va ikki o‘g‘li bilan 1 ming 200 tup “Qora dona”, “toshqo‘rg‘oni” navli anor ko‘chatlarini qadadi. Bu yerni to‘liq anorzorga aylantirish uchun yana 300 tup ko‘chat qadaladi.
–Tomarqamizda ham mevalar qiroli bo‘lgan anor yetishtirish bilan shug‘ullanamiz,–deydi O.Qodirov.– Tomarqada 150 tup anorimiz bor. O‘tgan yili uch tonnadan ortiq meva yig‘ib oldik. Har kilosini o‘rtacha besh ming so‘mdan sotdik. U juda ko‘p parvarish va suv talab qilmaydi. Ijaraga olingan bu joyga ekkan ko‘chatlarimiz uch yilda hosilga kiradi. Artezian suvi bilan sug‘oramiz. Elektr energiyasi va suv to‘lovlarida imtiyoz berilgan ekan.
Tuman “Tez tibbiy yordam” bo‘limi “Tallashqon” shaxobchasida feldsher bo‘lib ishlaydigan Oybek Xudaymurodovlar oilasi ham hududdan ikki gektar yerni belgilangan tartibda ijaraga olib, anorchilik bilan shug‘ullanishga ahd qildi. Shu maqsadda 1 ming 400 tup serhosil anor ko‘chati ekdi.
–Bir oyda uch yo to‘rt kun “Tez tibbiy yordam”da navbatchilik qilaman,–deydi O.Xudaymurodov.–Qolgan kunlari oila a’zolarim bilan tomarqadagi anorzorda ishlaymiz.Bolalikdan anorzorni oralab, katta bo‘lganman. Qaysi oyda nima ish kelish kerak, qachon sug‘orish va oziqlantirish lozim. Zararkunandalarga qarshi qanday ishlov beriladi? Bularning barchasi biz uchun yod bo‘lib ketgan. Turmush o‘rtog‘im va ikki o‘g‘lim ham bu yumushlarni juda yaxshi o‘zlashtirgan. O‘tgan yili tomarqadagi 230 tup anordan qariyb 40 million so‘m daromad topdik. Ijaraga olgan yerimizga ikki yillik nordon anor ko‘chatlarini ekdik. Yana uch yildan so‘ng to‘liq hosilga kiradi. Nasib, uning hosilidan to‘ylar qilamiz, yengil mashina olamiz. Yanada to‘kin, farovon yashaymiz.
Mutaxassislarning aytishicha, ajratilgan yer maydonlarining tuproq sharoiti, iqlimi va aholi tajribasidan kelib chiqib, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yilayotgan tumanda dehqon xo‘jaliklari bilan tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ko‘chat, mineral o‘g‘it, kimyoviy vositalar yetkazib berish, zarur agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish kabi muhim ishlarni sifatli tashkil etishga ko‘maklashadi.Bog‘lar hosil berguncha, sohibkorlar qator oralarida poliz, sabzavot va dukkakli ekinlar yetishtirib, qo‘shimcha daromad oladi.
Past hosilli paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga ko‘p yillik ijara asosida ajratilishi ularning daromadli mehnat bilan band bo‘lishini ta’minlab, turmush darajasini yanada yuksaltiradi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda dehqon xo‘jaliklari ulushini oshirib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri