She’rlari yuraklarda qolgan ijodkor
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18 aprelda “2023 yilda adabiyot, madaniyat va san’at, ilm-fan sohalari atoqli namoyandalarining tavallud sanalarini munosib nishonlash va ularning faoliyatini keng targ‘ib etish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilingan edi. Mazkur hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tavalludining 80 yilligini mamlakatimizda keng nishonlash ko‘zda tutilgan.
Ijodiy anjumanda jamoat arboblari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, san’atkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida Rauf Parfi hayoti va ijodiga bag‘ishlangan suratlar hamda kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Anjuman avvalida shoir xotirasiga bag‘ishlangan “Iztirob farzandi” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majidov, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, atoqli jurnalist va publitsist Sharof Ubaydullayev mamlakatimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor, milliy adabiyotimizni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlarning xotirasiga ehtirom ko‘rsatish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar xususida so‘z yuritdi.
[gallery-13748]
– Keyingi yillarda adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida so‘z san’ati namoyandalarining yubileylari nainki respublika, balki xalqaro miqyosda ham keng nishonlanmoqda, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majidov. – Ijodiy tashkilotimiz tomonidan Rauf Parfining kitoblari nashr etilmoqda. Bu kitobxonlar uchun ajoyib tuhfadir. Shoirning 80 yillik tavallud sanasiga bag‘ishlab oliy o‘quv yurtlarida, joylarda adabiy anjumanlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu ham Rauf Parfining naqadar buyuk ijodkor ekanidan darak beradi.
–Qish edi, 10-sinflarda o‘qib yurganimda “Sharq yulduzi” jurnalida Rauf Parfining she’rlari chiqqandi, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. – U hech kimga o‘xshamagan ijodkor edi. Sobiq sho‘rolar davrida mustaqillik haqidagi gaplar Rauf akaning suhbatlarida ko‘p aytilardi. U doim mustaqillik haqida gapirib kelgan shoir edi. Ijodkorning 80 yilligi nishonlanayotganidan juda baxtiyorman. Rauf aka ayyorlikni bilmaydigan, juda sodda, to‘g‘ri inson edi. U juda milliy, tarjimalarga sig‘maydigan o‘zbek shoiri edi. Ijodkorning she’riyat ichidagi evrilishlari, nafaslari, iztiroblari kitobxonni larzaga soladi. Bugun barchamizning yuragimizda Rauf Parfining so‘zlari qoldi.
Adabiy kechada atoqli shoir Rauf Parfi xotirasini abadiylashtirish borasidagi ezgu ishlar xususida batafsil so‘z yuritildi. Darhaqiqat, ayni kunlarda shoir xotirasini abadiylashtirish, uning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, she’rlarini keng targ‘ib etish maqsadida joylarda anjumanlar, she’riyat kechalari, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shoir adabiy merosi mamlakatimiz adabiyotshunos olimlari bilan birga xorijlik olimlar tomonidan ham qizg‘in o‘rganilmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Rauf Parfining she’riy to‘plami, “Tanlangan asarlar”i hamda “Zamondoshlar xotirasida” kitobi nashr etildi.
Chindan ham, Rauf Parfi millat ozodligini, erkini baralla kuyladi. She’riyatni poklanish vositasi deb bildi.
Adabiy anjumanda Rauf Parfi she’rlaridan namunalar, kuy-qo‘shiqlar yangradi. Shoir ijodi, hayoti bilan bog‘liq yorqin xotiralar yodga olindi. Tadbir ishtirokchilariga shoirning yaqinda chop etilgan kitoblari tuhfa etildi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA