She’riyatning oq yomg‘iri
She’riyat — inson qalbining eng nozik tuyg‘ulari, ruhiy kechinmalari va orzu-umidlarini so‘z orqali ifoda etuvchi san’at. U insonni o‘ylash, his qilish, hayot va borliqqa teranroq nazar tashlashga undaydi. She’rning qadri ham, sehri ham shunda – u qalbdagi tuyg‘ularni so‘zga ko‘chiradi, insonni o‘ziga va o‘zgalarga yaqinlashtiradi.
Shoir Alisher Narzulloning «Oq yomg‘ir» nomli yangi kitobi ana shu nozik tuyg‘ular, qalb kechinmalari va so‘z sehri haqida mushohada yuritishga chorlovchi she’riy to‘plam.
Alisher Narzullo o‘z kitobida she’riyatni insonning ichki dunyosi, ko‘ngil kechinmalari va so‘zga bo‘lgan munosabati bilan bog‘laydi. Uning kitobxonga murojaatida she’rni his etish, so‘zning ma’nosini anglash va badiiy kalomga ehtirom bilan qarash g‘oyasi ustuvor. Muallif she’riyatni shunchaki so‘zlar tizimi emas, balki inson qalbini boyituvchi, uni fikrlashga va tuyg‘ularini anglashga undaydigan ma’naviy olam sifatida talqin etadi.
Kitobning «Oq yomg‘ir» deb nomlanishi ham o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Oq yomg‘ir obrazi kishida poklik, musaffolik va ruhiy yangilanish tuyg‘ularini uyg‘otadi. She’riyat ham go‘yo ana shunday yomg‘ir kabi inson qalbiga yog‘ilib, undagi tuyg‘ularni uyg‘otadi, fikrlariga tiniqlik bag‘ishlaydi.

Muallif kitobxonni she’riyat olamiga chorlar ekan, so‘zning qadri va uni his etishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratadi. Bu haqda kitobda shunday fikrlar keltirilgan:
«She’r — ko‘ngil kulbasini bezab turguvchi ranglar jilosiga o‘xshaydi. Bu ranglar olamini eng xudbin odam ham chin dildan istasa, ko‘ra olishi mumkin. Ko‘ra olmaslik esa... Yaxshisi, niyat. Niyat qiling. Yo‘lga bir o‘zingiz, yolg‘iz chiqasiz. Manzilga so‘zdan taralayotgan nurli yo‘l olib boradi. Sizdan so‘raladigani — qalbingizda sehrli kalomga bo‘lgan ozroq ehtirom bo‘lsa, bas...»
Ushbu satrlarda she’riyatni anglash, so‘zning ta’sirini his etish va kitobxonning ma’naviy olami haqidagi mushohadalar ifodalangan. Darhaqiqat, har bir inson she’rni o‘z dunyoqarashi, hayotiy tajribasi va qalb kechinmalari asosida qabul qiladi. Bir o‘quvchiga oddiy tuyulgan misra boshqa bir insonning qalbida chuqur iz qoldirishi mumkin. Zero, she’riyatning ta’siri, avvalo, uning samimiyati va kitobxon tuyg‘ulari bilan uyg‘unligida namoyon bo‘ladi.
«Oq yomg‘ir» kitobida ilgari surilgan fikrlar kitobxonni shoshilmasdan mutolaa qilish, so‘zlarga e’tibor bilan qarash, she’r ortidagi ma’no va tuyg‘ularni anglashga undaydi. Chunki she’riyat faqat qofiya va vazndan iborat emas. Uning zamirida inson qalbi, hayot haqidagi o‘ylar, sog‘inch, umid va iztirob kabi kechinmalar mujassam bo‘ladi.
Alisher Narzullo kitobxonni she’riyatni his etishga, so‘z orqali inson qalbining rangin manzaralarini kashf qilishga taklif etadi.
Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan «Adabiyot» nashriyotida chop etilgan. Mas’ul muharrir – Shodi Otamurod. Mohir ijodkor, shoir va publitsist Alisher Narzullo - O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi. «Rangin olam», «Yashil daraxtlar», «Bolalikning so‘nggi kuni» singari kitoblar muallifi.
Muallifning yangi she’riy kitobi adabiyot muxlislari uchun haqiqiy tuhfa bo‘lishi aniq.
N.Usmonova,
O‘zA