O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludiga bag‘ishlangan “Muhammad Yusuf – she’riyat zargari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, she’riyat muxlislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, adiba va tarjimon Nazira As-Salom, adabiyotshunos olim Aftondil Erkinov va boshqalar Muhammad Yusuf ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida to‘xtalishdi.
Yurtimizda chin ma’noda xalq shoiriga aylangan Muhammad Yusuf she’riyatini talabalar orasida keng targ‘ib etish, uning sermazmun ijodini o‘rganish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘rnak sifatida ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Anjumanda shoirning o‘zbek adabiyoti rivojidagi o‘rni, she’riyatining o‘ziga xos qirralari haqida so‘z yuritildi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf 1954 yil Andijon viloyati Marhamat tumanida dehqon oilasida tavallud topgan. Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutida (hozirgi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti) tahsil olgan.
Shoir dastlab Respublika kitobsevarlar jamiyati, “Toshkent oqshomi” gazetasi, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, “Tafakkur” jurnali hamda “O‘zbekiston ovozi” gazetasida faoliyat olib borgan. 1998 yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan.
Uning “Tanish teraklar”, “Iltijo”, “Uyqudagi qiz”, “Halima ena allalari”, “Ishq kemasi”, “Ko‘nglimda bir yor”, “Bevafo ko‘p ekan”, “Erka kiyik”, “Saylanma”, “Biz baxtli bo‘lamiz”, “Osmonimga olib ketaman”, “Ulug‘imsan, Vatanim” singari o‘ndan ortiq she’riy to‘plami kitobxonlar tomonidan sevib mutolaa qilinadi.
Davra suhbati davomida shoirning rafiqasi Nazira As-Salom shoirning hayot yo‘li, insoniy fazilatlari, ijod va oiladagi o‘rni haqida gapirib berdi.
N.Usmonova, O‘zA