She’riyatning qat’iy talab-qoidalari bor, bu ayon. Qo‘liga qalam ushlagan odam bularga rioya etishi shart. Biroq... Hamma gap ana shu “biroq”da. Tuyg‘u rost, samimiy bo‘lmasa, izhor ko‘ngildan chiqmasa, har qancha qoidali yozilgan bo‘lmasin, bunday bitik ko‘ngillarga yetib bormaydi.

Bunday she’rning uzoq yashashi amrimahol. O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf she’riyatining bugun ham o‘quvchilar qalbu shuurida aks sado berayotgani sababi ko‘ngil izhorining aynan rostgo‘ylik va samimiyatga yo‘g‘rilgani bilan izohlanadi.

Shoir ta’biricha, she’riyat bu – qadim buyuk so‘qmoq. Shunday so‘qmoqki, undan yurmoq har kimning ham haddi emas. Shu bois u kiyik so‘qmoqqa mengzaydi. Xo‘sh, she’riyatni yana qanday ta’riflamoq mumkin? 

Shirin azob ekan, jonni

Yoqmoq ekan.

Bir qo‘lda gul, bir qo‘lingda

chaqmoq ekan.

She’riyat bu – obrazli tafakkur demakdir. Chinakam shoir obrazni shu darajada aniq-tiniq tasvirlaydiki, bu obraz o‘quvchi ko‘z o‘ngida yorqin manzara hosil qiladi; uning tuyg‘ularini, shuurini o‘ziga rom etib qo‘yadi. Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, “toza ma’rifat suvi bilan o‘tkir yurak kirlarini yuvadi”. Muhammad Yusuf she’riyatida ana shunday misralar talaygina. Yuqoridagi she’rning mana bu poetik xulosasi ham fikrimizni tasdiqlaydi:

Ko‘nglim sezar – bu so‘qmoqdan

O‘tolmayman.

Qaytib ketay desam, qaytib

Ketolmayman.

Chaqirtoshlar tovonimdan

Tishlab olgan.

Qo‘llarimdan kiyikchalar

Ushlab olgan.

Tovoni chaqirtoshlarga botib, qo‘llaridan kiyikchalar ushlab olgan shoir obrazi – chindan ham nozik topilma. Obraz shu darajada jozibaliki, ko‘ngilda hayrat uyg‘otadi, tasavvurda muhrlanib qoladi. 

Boshqa bir she’rida shoir she’riyatni bevafo sanamga qiyoslaydi. U bois chekkan zahmatlarini bu dunyoda orttirgan zari deb biladi. Uxlamay qon yutgan tunlari uchun rahmatlari bor ekanini izhor etadi. U she’riyatning chin oshig‘i. Shoirning xayoli – mahbuba ostonasidagi it. Uning uchun she’riyat – qo‘l yetmas hilol. Tanasi yerda bo‘lsa ham, ruhi ko‘kda ekani sababi shunda. Ana shu so‘nmas ishq, ana shu chinakam oshiqlik shoir nazmiga nur bag‘ishlab turadi.

Vatan muhabbati Muhammad Yusuf she’riyatining bosh mavzusi. Ijodkor ona Vatanni “yorug‘ jahonim”, “taxti Sulaymonim”, “yagonam”, “topingan koshonam”, deya vasf etadi. Shoir ko‘nglining mana bu izhori esa tashbehning betakrorligi, ifodaning tiniqligi bilan ko‘ngilning tub-tubiga o‘rnashadi:

Oftobdan ham o‘zing mehri

Ilig‘imsan, Vatanim. 

Professor Qozoqboy Yo‘ldosh: “Ko‘pincha Vatan haqida she’r bitgan ijodkorlar qandaydir o‘zidan tashqaridagi bir mavjudlik haqida yozayotgandek qalam surishadi. Shuning uchun ham vataniy ash’orda joziba kamroq, fikr kuchliroq bo‘ladi. Muhammad Yusufning vatani uning naq yuragida edi. U Vatan haqida ichdan kuyunib, qizg‘anish va iztirob bilan yozardi”, deya e’tirof etadi. Darhaqiqat, shoirning Vatan mavzusidagi she’rlarini befarq o‘qish mahol. Sababi, u ona zaminni mana bu tarzda sevadi:

Vatan – 

Yuragimning

Olampanohi,

Bu dunyo – 

Bukri bir

Jiydangning shoxi!...

Ko‘zim yoshi bilan sug‘orib gohi

Ko‘ksimda o‘stirgan 

Gulday sevaman.

Dunyolar ichra dunyoga mengzarli ona Vatan va murodi oq yaktagi yanglig‘ oppoq ona xalq timsollari shoir she’rlarida ajib uyg‘unlik kasb etadi, baland pafos bilan kuylanadi. Ijodkor o‘zi mansub millat bolalarining boshida do‘ppi, belida belbog‘ ko‘rishni istaydi. Tildoshlarining do‘ppi kiymay qo‘yganidan kuyinish hissini “Boshga loyiq do‘ppi yo‘qdir yo, Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq”, deya ohorli umumlashma orqali izhor etadi. Milliy g‘urur timsoli bo‘lgan belbog‘ini tashlaganlarga: “Belbog‘ingiz qani belingizdagi?” deya o‘rtanib savol beradi. Har ikki timsol – do‘ppi va belbog‘ni Muhammad Yusuf shunchaki bir buyum sifatida emas, milliy o‘zlik va oriyat ramzi o‘laroq tasvirlaydi. 

O‘tgan asrning 70-yillarida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Qachon xalq bo‘lasan, sen, ey olomon” degan misrasi el qalbida aks sado bergani, juda ko‘p ijodkorlarga ilhom bag‘ishlagani ayon. Muhammad Yusufning “Xalq bo‘l, elim” she’ri mohiyatan shunga yaqin. U qadim yurtiga qadim navolari qaytmog‘ini istaydi, buyuk Sohibqiron beshigini tebratgan, bolasi (Mirzo Ulug‘bek) yulduzlarga narvon qo‘ygan elining bir mayizni qirqqa bo‘lgan bir tanu jon kunlarga yana yetishmog‘ini orzu qiladi. Tuyg‘uning tozaligi, ifodaning samimiyligi she’rning ta’sir kuchini, ayniqsa, oshirgan:

Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim,

Qumlar bosib qurimasin daryolarim.

Alpomishga alla aytgan momolarim

Ruhini shod etay desang – xalq bo‘l, elim!.. 

U elining xalq bo‘lishini istadi, o‘zbekni mahalliychilik qiyratganidan iztirob chekdi, daholarga boy millatining ular qadriga har doim ham yetavermaganidan kuyindi. Yaktagining yenglaridan ter yugurgan, dalasini bolasidan ham ustun qo‘ygan, bir qo‘lini silamoqqa ikkinchi qo‘lining fursati yo‘q bobodehqonga bor mehrini nisor etdi:

Ish degani faqat senga

Chiqqanmi yo, ey mo‘min?

Qora mehnat yo‘rgagingdan 

Yuqqanmi yo, ey mo‘min? 

Onang seni paxtazorda 

Tuqqanmi yo, ey mo‘min?..

Qadoqqo‘l – tovonim mening,

Bobodehqonim mening.

Muhammad Yusuf she’riyatining obraz va timsollar olami o‘rganilsa, qiziq bir hol kuzatiladi. Shoir qizg‘aldoq, binafsha, kapalak timsollariga eng ko‘p murojaat qilgan va bu tasodifiy emas. E’tibor berilsa, ular barchasi go‘zallikning betakror namunasi bo‘lishi barobarida, hammasi birday qisqa umr ko‘radi. Nima uchun shoir bu timsollarni xush ko‘rgan? Nega aynan ko‘proq ularni qalamga olgan? 

“Qizg‘aldoq” she’ri ijodkor nazmida obrazli tafakkurning o‘ziga xos namunasi ekani bilan alohida ajralib turadi. She’rda shoir qalbidagi hech kimga aytilmaydigan iztirob izhorini kuzatish mumkin. Bu iztirob beixtiyor o‘quvchi qalbiga ham ko‘chadi:

Qizg‘aldog‘im, qirdan bo‘lak koshonang yo‘q,

Kokil yoysang, yerdan bo‘lak toshoynang yo‘q.

O‘ksib-o‘ksib turganingda o‘zim borib,

Peshonangdan o‘pay desam, peshonang yo‘q.  

Qizg‘aldoqning bosh egib, kelinchakday sollanishi, jayron o‘tgan so‘qmoqlarga yosh to‘kishi – tashxis san’atining yorqin namunasi. Bu gulning qizil yuzi shoirning qon diliga tashbeh etilishi, “Meningdek sen g‘aribning ham parvonang yo‘q”, deya muallif ruhiyatining, lirik kayfiyatining ifodalanishi she’rning badiiy quvvatini oshirgan. 

Haqiqiy she’r cho‘ng darddan tug‘iladi. “Qizg‘aldoq” buning yana bir isboti. She’rning poetik xulosasi, ayniqsa, shoir dilidagi dardni, iztirobni ta’sirchan ifoda etgani bilan alohida ahamiyatga ega:

Oldingga men borolmasam, o‘t gunohim,

Bir yo‘qlab qo‘y, men dunyodan o‘tgan chog‘im – 

Qabrim uzra hilpirab tur, qizg‘aldog‘im,

Muhammaddan bo‘lak do‘sti-devonang yo‘q.

“Binafsha” she’rida shoir “Asl gulning hamisha Umri qisqa bo‘ladi” tarzidagi badiiy umumlashmani beradi. Muallif nazdida, binafshaning yuragi mudom qon, ichi to‘la faryod. Vaholanki, bahor usiz bahor bo‘lolmaydi. Zamin usiz huvillagan kelinsiz hovliga mengzaydi. Baraka ham, Xizr ham u bor joyda muhayyo. Shu bois binafsha go‘zal dostonga qiyos etgulikdir. Juda qisqa umr ko‘radigan birgina gul timsolida shuncha hikmatni mushohada etish uchun ijodkorning tiyrak nazari zarur, shoir bo‘lib tug‘ilish kerak. Muhammad Yusuf ana shunday shoir edi.

Uning fikricha, “kapalaklar odamlardan mehribon...”. She’rda saharlardan shudring sharob ichgan, tanlamayin qabrlarni quchgan, oqqush yanglig‘ oq yomg‘irda uchgan kapalaklar vafo va mehr timsoli o‘laroq vasf etiladi.  Sababi, ular gulga qo‘nsa, ozor bermaslik uchun qanoti botmaydi; minba’d birovga tosh otmaydi, bor-yo‘g‘i bir kun yashasa ham, bir-birini sotmaydi. Binobarin, ularning kulbasi ham uyi ham, tovushi ham, kuyi ham, orasida kambag‘ali, biyi ham yo‘q. Kapalaklarni ta’riflar ekan, shoir har bir so‘z zamiriga olam-olam ma’no yuklaydi. Vafo va sadoqatni, pokligu diyonatni har nedan ulug‘ bilgan shoir mana bunday umumlashma chiqaradi:

Muhammadga ishongan ey, mo‘minlar,

O‘lsam so‘zim eslab o‘yga cho‘minglar:

Kapalakning qanotiga ko‘minglar,

Kapalaklar odamlardan mehribon...

Muhammad Yusufning jismoniy umri, afsuski, qisqa bo‘ldi, qazo otli nomehribon uni navqiron qirq yetti yoshida oramizdan olib ketdi.  Qizg‘aldoq, binafsha, kapalak singari qisqa umr ko‘ruvchi yaratiqlar haqida ko‘p yozgani va shoir qismati o‘rtasida, ehtimol, qandaydir aloqadorlik bordir. Asrlar mobaynida qo‘r to‘kib turuvchi tog‘lar, ming yil umr ko‘ruvchi chinorlar haqida yozsa bo‘lmasmidi bu o‘ktam shoir, degan o‘y ham kechadi ba’zan xayoldan. Tasalli shundaki, uning she’rlari har bir o‘zbekning qalbida yashab kelyapti. Shoir she’rlarini qo‘shiq qilib kuylamagan xonandani topish mahol. She’rlari hanuz yuraklarda Vatanga va ona xalqqa muhabbat yolqinini alangalatib kelayotir. Demak, samimiy, rost tuyg‘ular kuychisi bo‘lgan Muhammad Yusuf barhayotdir.   

 Nurboy Jabborov,

filologiya fanlari doktori, professor

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
She’riyat – shirin azob, jonni yoqmoq