She’riyat qalbda sadoqatni ulug‘laydi
Prezidentimizning 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, talaba-yoshlarning she’riyat va adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Buxoro davlat pedagogika instituti mezbonligida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida “She’riyat shaydolari” she’riy ko‘rik-tanlovi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur nufuzli tanlov uch bosqichda o‘tkazilib, unda Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat texnika universiteti, Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Buxoro davlat pedagogika institutining iqtidorli talaba-yoshlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar aruz va barmoq vaznlarida yaratilgan she’rlar, Vatanga sadoqat, shukronalik va el-yurtga muhabbat mavzusidagi asarlar, shuningdek, monolog ijrosi orqali o‘z iste’dod va badiiy mahoratlarini namoyon etdi.
Tanlovning yakuniy — viloyat bosqichi ko‘hna va boqiy Buxoro hududida joylashgan muhtasham amfiteatrda tantanali ravishda o‘tkazildi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ishtirok etib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan ishlar yuksak samara berayotganini alohida ta’kidladi.
[gallery-29149]
– Bugungi kunda yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va yuksak ma’naviyatni shakllantirishda adabiyot va she’riyatning o‘rni beqiyos. “She’riyat shaydolari” tanlovi ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim maydonga aylanmoqda. Bunday tashabbuslar kelajakda yanada ko‘plab iste’dodli ijodkorlarni tarbiyalab chiqaradi, – deydi Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov.
Tanlovda g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, yoshlar tarbiyasida munosib hissa qo‘shayotgan ustozlarga tashakkurnoma va rag‘batlantiruvchi vaucherlar topshirildi.
Bayramona ruhda o‘tgan tadbirda erk va istiqlolni, yoshlik va orzularni madh etuvchi she’rlar jarangladi. Institutning musiqiy ta’lim yo‘nalishi talaba-yoshlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi esa ishtirokchilar va mehmonlarga unutilmas kayfiyat ulashdi.
“She’riyat shaydolari” tanlovi yoshlarning badiiy tafakkurini rivojlantirish, ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yurtimizda barkamol, bilimli va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi kuchli bo‘lgan avlodni kamol toptirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.