Butun dunyoda 225 yilligi nishonlanayotgan ulug‘ rus shoiri A.S.Pushkinning hayoti va ijodi haqida o‘ylar
Qonimda yonadi orzu otashi,
Sen mening dilimga solding jarohat.
Bo‘sa ol sharobu boldan ham shirin,
Sening bo‘salaring bag‘ishlar rohat.
Bu lirik asar sevgi va sadoqat kuychisi, o‘zbek adabiyotining ulkan namoyondalaridan biri Zulfiya tomonidan mahorat bilan tarjima qilingan.
Ayni kunlarda yuqoridagi kabi olovli she’rlar muallifi – jahon adabiyotining buyuk vakillaridan biri Aleksandr Sergeyevich Pushkinning 225 yilligi yer yuzidagi taraqqiyparvar insonlar tomonidan keng nishonlanmoqda. Dunyo she’riyatida quyoshday porlab turgan mashhur dramaturg, shoir va adib haqida, uning o‘nqir-cho‘nqirlardan, quvonch hamda dardu-alamlardan,murakkabliklardan iborat hayoti va nihoyatda boy ijodi xususida o‘ziga xos esse qoralashni ko‘p yillardan beri o‘ylab yurgandim. Va ulug‘ shoirning ancha yillar ilgari yodlaganim bir she’ri esga tushdi.
Shundoq edi bu dunyo, shundoq bo‘lur hamisha,
Ko‘hna bir haqiqatning do‘koni yopilmaydi.
Dono odam juda kam, garchi ko‘p ilm pesha,
Bisyordir tanish-bilish, lekin do‘st topilmaydi.
O‘zbek xalqining ulug‘ shoirlaridan biri Abdulla Oripov tarjima qilgan bu she’rni qachonlardir, talabalik yillarimda yod olgan edim.
Avvalo mashhur adibning hayot yo‘li oson kechmagani to‘g‘risida fikr yuritmoqchiman. Buyuk shoir 1799 yilda Moskva shahrida tavallud topgan. Ijodkorning otasi kambag‘al bo‘lmagan, dvoryanlar oilasidan edi.Shoirning padari buzrukvori Sergey Lvovich hatto ijod bilan shug‘ullangan,fransuzcha she’rlar qoralab yurganini ham ko‘p yozishgan.
Onasi haqida ham qiziq gaplarni aytishadi.Tavba, shoirning onasini Rossiya podshosi Pyotr I tarbiyalagan, deyishadi. Buning ustiga Nadejda Osipovnani habash, arab millatiga mansub deya ta’riflashganini aytmaysizmi? Uning aslida Gannibalning nabirasi bo‘lganini ham qayd etishgan. Eng asosiysi, Aleksandr Sergeyevich bolaligidanoq yaxshi tarbiya ko‘rdi. Bu muhim vazifani amalga oshirishda mehribon ayol Arina Rodionovnaning xizmati kam emasligini alohida ta’kidlash zarur. Chunki bu bilimli va yuksak fazilatlarga ega ayol rus xalq qo‘shiqlarini, tuni bilan berilib tinglashga arziydigan ajoyib ertaklarni juda yaxshi bilar edi.
Parvardigor baxsh etmish sizga
Oltin kunduz, oltin kechalar.
Xumor qizlar ko‘z tutmish sizga,
Sinchkov nigoh dilga o‘t qalar.
Bu kabi she’rlarini qoralaganida hali o‘n yetti yoshga ham yetmagan edi.
Bundan tashqari Sarskoye Seloda olgan olti yillik saboq Pushkinning nihoyatda bilimli va tafakkuri keng inson bo‘lib yetishishida katta rol o‘ynadi. U ana shu o‘quv yurtida tahsil olgan yillaridayoq yuzlab she’rlar yozganligi, hatto badiiy jihatdan ancha pishiq ikkita doston yaratgani adibning kelajakda ulug‘ shoir bo‘lib yetishishidan dalolat berar edi. Shoir o‘quv yurtini tamomlaganidan so‘ng Peterburgga ko‘chib ketdi. U yerda bir qator mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritdi. Jumladan, Tashqi ishlar kollegiyasida kotib vazifasini ado etdi. U 1817-1820 yillarda Peterburgda bo‘ldi va bu yillar uning hayoti hamda ijodiy faoliyatida o‘chmas iz qoldirdi. O‘lmas asarlar yaratdi. Qizg‘in ijtimoiy hayot bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bu davr uning siyosiy faolligi oshishida ham katta rol o‘ynadi.
Men sizga achinmayman, vafosiz sevgilarda,
Behuda oqib o‘tgan bahorimning yillari!
Men sizga achinmayman u otashin naylarda,
Ehtiros-la kuylangan, ey tunlarning sirlari.
Aleksandr Sergeyevich yoshligidanoq haqiqat uchun kurashdi.O‘sha davrga xos illatlarni hech ayab o‘tirmasdan fosh etdi. Bunday tanqidiy ruhdagi,isyonkor asarlar podsho Aleksandr 1 ning qahru g‘azabini keltirdi. Shu boisdan shoirni Yekaterinaslavga surgun qilishdi. Shundan keyingi yillar shoir hayoti uchun oson bo‘lmadi. Avvalo kasallikka chalinib qolganligi uning kayfiyatini yaxshi qilmadi. Ba’zan tushkun kayfiyatdagi, zamon illatlarini qoralaydigan mahzun va keskin asarlar ham yaratdi.
O‘zbek she’riyati dehqoni Mirtemir o‘zbekchaga o‘girgan quyidagi she’r ko‘ngilga iztirob olovini yoqadi, dilni hissiyotlarga limmo-lim qiladi.
Bunda ko‘rdim, sarviga chirmashibdir majnuntol,
Soyalari jimirlar suvning billur mavjida.
Dalalar malikasi nilufar, mag‘rur, xushhol,
Dabdabasi, ziynati, go‘zalligi avjida.
G‘adir-budur tog‘lardan tushar bebosh sharshara,
Marvarid daryo bo‘lib oqar, qaynashar.
Pushkin sayohat qilishni xush ko‘rar edi. U Qrimni, Kavkazning diqqatga sazovor joylarini, go‘zal tabiatini tomosha qilib, ajoyib asarlar yaratdi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin “Kavkaz asiri” dostonini yozganida endigina yigirma yoshdan oshgan edi. U dastlabki she’rlari bilanoq minglab muxlislarning ehtiromiga sazovor bo‘ldi.Bundan tashqari “Boqchasaroy fontani”, “Lo‘lilar” singari yuksak mahorat bilan yozilgan asarlari tezda o‘quvchilar qalbidan joy oldi va ularda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Shoir ayniqsa, Bayron she’rlarini sevib mutolaa qilar edi. Shu boisdan uning ayrim asarlari shu ulug‘ shoir ta’sirida dunyoga kelganligi ham sir emas. Ayniqsa “Kapitan qizi”, “Yevgeniy Onegin”, “Mis chavandoz” asarlari shoirga katta shuhrat keltirdi. Avvalo romantizm oqimi, keyinchalik esa realizm oqimi ta’sirida yozilgan she’ru dostonlari, bir qator nasriy asarlari millionlab muxlislarda katta qiziqish uyog‘otdi.
U bolalagidan enagasidan yuzlab ertaklar eshitgan, ular murg‘aq qalbida ehtiroslar tug‘ilishiga sabab bo‘lgandi. Shoir ulg‘aygach, o‘zi ham o‘nlab ertaklar yaratdi. “Oltin xo‘rozcha haqida ertak”, “Baliqchi va baliq haqida ertak” va boshqa o‘nlab xalqchil asarlari bolalarning sevimli ertaklari sifatida bugun ham kitob javonlarini bezab turibdi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkinning dushmanlari shoirga hasad bilan qarar edilar. Shu boisdan Dantes bilan duel tashkil etilganligi ham bejiz emas. Qora kuchlarning maqsadi undan qutulish, jismonan yo‘q vilish edi.
Adib poeziya bilan bir qatorda prozaik asarlar yaratish ustida ham ancha yillar mehnat qildi. Xususan “Pikovaya dama” qissasi muxlislari qo‘lidan tushmay qoldi. Ayniqsa, “Kapitan qizi”, “Dubrovskiy” hamda “Pugachev tarixi” kabi o‘nlab nasriy, poetik asarlari rus adabiyotining nodir namunalari sifatida hamon kitobxonlarga zavq baxsh etmoqda.
Qaysidir adabiy uchrashuvda bir vaqtlar hayajon bilan tinglaganim -ajoyib she’riy va nasriy asarlar muallifi Abdusaid Ko‘chimovning ulug‘ shoirga atalgan quyidagi she’ri hamon quloqlarim ostida jaranglaydi.
Allanechuk xayolchan, tushkun,
O‘ylamoqda nelarni Pushkin?
Ulug‘ shoir shaharga qarab,
Ayro shavqqa to‘layotirmi?
Yo olomon ustidan yayrab,
Mazza qilib kulayotirmi?
Olov she’rlari nihoyatda bisyor buyuk shoir Pushkinning Moskvadagi haykali qoshida tug‘ilgan bu asar millionlab qalblarni larzaga soladi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin yangi rus adabiyotining asoschisidir. Uning she’rlarini o‘qiganimda poeziyaning qudratiga tasannolar o‘qiging keladi.
Har kuni metroning “Buyuk ipak yo‘li” bekatidan poyezdlarga o‘tirishim bilanoq diktorning ovozi jaranglaydi. “Keyingi bekat Pushkin.” She’riyat osmonining quyoshi Aleksandr Sergeyevich Pushkinga haykal o‘rnatilgani, Toshkent shahridagi eng go‘zal ko‘cha va maydonlardan biri ulug‘ shoir nomiga qo‘yilgani qalblarimizni quvonchga to‘ldiradi, dilimiz yayraydi.
Jovli Xushboqov,
O‘zA muxbiri