She’riyat birlashtirgan ikki xalq
O‘zbek va tojik xalqlari asrlar davomida bir jug‘rofiy kenglikda, yagona madaniy-ma’naviy makonda yonma-yon yashab, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlab kelgan.
Bu ikki xalqning adabiy-madaniy aloqalari nafaqat mintaqamiz, balki jahon adabiyoti tarixida ham noyob hodisa — ikki tilda ijod etish, bir-birining ma’naviy olamini boyitish va adabiy an’analarni mushtaraklashtirishga asoslangan o‘ziga xos fenomenni yuzaga keltirgan.
O‘zbek va tojik adabiy hamkorligining ildizlari, avvalo, zullisonaynlik – ikki tilda ijod qilish an’anasiga borib taqaladi. Asrlar davomida shakllangan bu an’ana ikki xalq adabiyotini bir-biriga yaqinlashtirib, ularning badiiy tafakkuri va ma’naviy dunyosiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Ikki tilni birdek e’zozlagan ijodkorlar esa xalqlar o‘rtasida o‘ziga xos ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tadi.
Bu adabiy yaqinlikning eng yuksak cho‘qqilaridan biri XV asrdagi Hirot adabiy muhitida namoyon bo‘ldi. Tojik mumtoz adabiyotining buyuk namoyandasi Abdurahmon Jomiy va o‘zbek adabiyotining ulug‘ siymosi Alisher Navoiy o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik, do‘stlik va ijodiy hamkorlik munosabatlari jahon adabiyoti tarixida haqiqiy ijodiy do‘stlik timsoli sifatida e’tirof etiladi. Navoiy Jomiyni o‘zining ma’naviy ustozi sifatida ulug‘lagan bo‘lsa, Jomiy ham Navoiyning turkiy tildagi badiiy salohiyati va adabiy yutuqlariga yuksak baho bergan. Bu ikki buyuk mutafakkirning ijodiy muloqoti ikki adabiy til va ikki xalq madaniyatining bir-birini boyitishida beqiyos ahamiyat kasb etdi.

Zullisonaynlik an’anasi keyingi asrlarda ham izchil davom etdi. Boborahim Mashrab, Nodira, Uvaysiy singari ko‘plab ijodkorlar o‘zbek va tojik tillarida birdek go‘zal asarlar yaratdi. Bu esa ikki xalq adabiyoti o‘rtasidagi tabiiy yaqinlikni yanada mustahkamladi. Eng muhimi, adabiy mushtaraklik xalqlarning bir-birini tarjimonsiz tushunishi, bir-birining so‘zi va tuyg‘ularini bevosita his qilishi uchun mustahkam zamin yaratdi.
XX asr boshlariga kelib o‘zbek va tojik adabiyoti yangi taraqqiyot va modernizatsiya bosqichiga qadam qo‘ydi. Jadidchilik harakati, milliy uyg‘onish g‘oyalari va keyinchalik yagona ijtimoiy-madaniy makon har ikki xalq ijodkorlarini yanada yaqinlashtirdi. Samarqand va Buxoro kabi qadimiy shaharlar esa ikki xalq adabiy hayoti tutashgan muhim ma’naviy markazlarga aylandi.

Zamonaviy tojik adabiyoti asoschilaridan biri Sadriddin Ayniyning ijodiy faoliyati bunga yorqin misol bo‘la oladi. U tojik adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shish bilan birga, o‘zbek adabiyoti va matbuoti rivojida ham muhim o‘rin tutdi. Ayniyning o‘zbek tilidagi ijod namunalari, Samarqand va Buxoro adabiy muhiti bilan uzviy aloqalari ikki xalq adabiyotining naqadar yaqin va mushtarak ildizlarga ega ekanini ko‘rsatadi.
Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillarda o‘zbek va tojik adabiy aloqalari yanada faollashdi. O‘zbek adabiyotining yirik vakili G‘afur G‘ulom hamda tojik she’riyatining zabardast namoyandasi Mirzo Tursunzoda o‘rtasidagi ijodiy muloqot bu davrning yorqin sahifalaridan biridir. Ular turli adabiy anjumanlarda, xususan, Osiyo va Afrika yozuvchilari birdamligi harakati doirasida birgalikda faoliyat yuritishdi.

Bu davrda adabiy tarjima ishlari ham tizimli yo‘lga qo‘yildi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon singari o‘zbek adabiyoti namoyandalarining asarlari tojik tiliga, Mirzo Tursunzoda, Sadriddin Ayniy va boshqa tojik ijodkorlarining asarlari esa o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girildi. Natijada har ikki xalq o‘z adabiyotining eng sara namunalarini qo‘shni xalq tilida o‘qish va anglash imkoniga ega bo‘ldi.
Sho‘rolar tuzumi parchalanganidan keyingi dastlabki yillarda turli siyosiy va ijtimoiy omillar tufayli adabiy-madaniy aloqalarda biroz turg‘unlik kuzatilgan bo‘lsa-da, 2016-yildan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishi o‘zbek-tojik adabiy hamkorligiga ham yangi ruh bag‘ishladi.
Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va xalqlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida adabiy-madaniy aloqalar yangicha mazmun bilan boyidi. Samarqand shahrida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallarining muhtasham xiyobonga ko‘chirilishi, Dushanbe shahrida esa “Nizomiddin Alisher Navoiy” nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining barpo etilishi hamda u yerda Navoiy va Jomiyning muhtasham haykallari o‘rnatilishi ikki xalq adabiy do‘stligining yorqin ramzlariga aylandi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida adabiy tarjima, kitob nashri va antologiyalar tayyorlash borasidagi hamkorlik yanada faollashdi. O‘zbek va tojik adabiyoti namunalarini bir-birining tiliga tarjima qilish, ularni antologiya va to‘plamlar shaklida kitobxonlarga yetkazish borasida qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbek tarjimonlari tojik adabiyotining nodir namunalarini o‘zbek tiliga o‘girib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etgan bo‘lsalar, Tojikistonda bir qator mohir ijodkorlar o‘zbek adabiyotini targ‘ib etish va uni tojik kitobxoniga yetkazishda faol ishtirok etmoqda.
Samarqand, Farg‘ona, Buxoro, Dushanbe va Xo‘jand shaharlarida muntazam o‘tkazilayotgan “Do‘stlik kechalari”, qo‘shma ilmiy-adabiy konferensiyalar, ijodiy uchrashuv va mushoiralar esa bu hamkorlikning namunasidir. O‘zbekiston va Tojikiston Yozuvchilar uyushmalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik memorandumlarining imzolanishi ham adabiy aloqalarning institutsional asoslari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

Taniqli o‘zbek shoiri, adib va publitsist Shahriyor Shavkatning ta’kidlashicha, yaqinda Dushanbe shahridagi “Grafika-Print” nashriyotida tojik tilida o‘zbek shoirlari she’rlaridan iborat “Gulchini she’ri shoironi o‘zbek” antologiyasining nashr etilishi ham ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy rishtalar tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Antologiyadan XX va XXI asr o‘zbek she’riyati namunalari tojik tiliga tarjima qilingan holda o‘rin olgan. To‘plamda 125 nafar o‘zbek shoirining sara she’rlari jamlangan. Ular orasida Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon, Sobir Abdulla, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Zulfiya, O‘lmas Jamol, Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Matnazar Abdulhakim, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Mirzo Kenjabek, Asqar Mahkam, Sirojiddin Sayyid, Minhojiddin Mirzo, Salim Ashur, Toshpo‘lat O‘rxun, Sirojiddin Rauf, Iqbol Mirzo, G‘ayrat Majid, Botirjon Ergashev, Shodi Otamurod, Fozil Farhod, Alisher Boymurodov, Kumush Abdusalomova, Shahriyor, Erkin Hojimuhammad va boshqa ko‘plab shoirlar bor.
Ushbu to‘plamning nashr etilishi o‘zbek va tojik ijodkorlari o‘rtasidagi qaprdoshlik, do‘stlik rishtalarining tobora mustahkamlanib borayotganini yana bir karra anglatadi.
Shu munosabat bilan 2026-yil 10-sentyabr kuni soat 11:00 da Samarqand viloyati kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Do‘stlik mushoirasi” nomli ijodiy uchrashuv o‘tkaziladi. Unda uyushma bo‘limining Tojik adabiyoti sho‘basi vakillari hamda ijodkorlar ishtirok etib, mazkur antologiyaning adabiy ahamiyati, ikki xalq she’riyatining mushtarak jihatlari va bugungi adabiy hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashadi.
N.Usmonova,
O‘zA