So‘z – ekspertga
Xorijiy investitsiyani jalb etish va samarali boshqarish har qanday davlat uchun iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biridir. O‘zbekiston ayni yo‘nalishda so‘nggi yillarda keskin ildamladi. Xususan, sarmoyaviy muhitni yaxshilash, qonunchilikni liberallashtirish va barcha yo‘nalishlarda islohotlar amalga oshirish orqali mamlakat mintaqa yetakchisiga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan to‘rtinchi bor o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi mintaqa miqyosidagi eng nufuzli tadbirlardan biriga aylangan.
Mazkur anjuman O‘zbekiston qanday investitsiya imkoniyati taklif etayotgani, qaysi sohalarga e’tibor qaratayotgani va jahon biznes hamjamiyati bu jarayonga iliq munosabat bildirayotganini yaqqol ko‘rsatadigan maydon hisoblanadi.
Forum arafasida Qirg‘iz Respublikasi Jahon siyosati instituti direktori Sheradil Baxtiqulov O‘zA muxbiriga forumning ahamiyati, shuningdek Markaziy Osiyodagi kooperatsiya loyihalari xususida gapirib berdi.
– IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqli ravishda nafaqat Markaziy Osiyo, balki tashqarida ham investitsiyaviy va iqtisodiy hamkorlik istiqbolini muhokama qilish uchun asosiy maydonga aylandi. Bu galgi tadbirning ahamiyati, ayniqsa, yuqori. Zero, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning o‘ta jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti sifatidagi mavqeini ishonch bilan mustahkamlashda davom etmoqda.
So‘nggi yillarda respublikada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, biznes yuritish uchun shart-sharoit tubdan yaxshilandi, xorijiy investorlar uchun ajoyib imkoniyatlar yaratildi. Mamlakat siyosiy barqaror, puxta o‘ylangan iqtisodiy siyosat olib bormoqda, jozibador bozor, zarur resurslar, sifatli infratuzilmaga ega.
Hukumatning izchil siyosati natijalari haqiqatan hayratlanarli. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil birinchi chorakda O‘zbekiston Respublikasi asosiy kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiya hajmi 120,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Jami 90 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb etildi. O‘tgan yil mamlakat iqtisodiyoti 6 foizlik o‘sishni namoyish etdi. Joriy yil 1 may holatiga ko‘ra, xorijiy investitsiya asosida ishlayotgan korxonalar soni 16 000 dan oshgan. Bu Markaziy Osiyo mintaqasi uchun g‘oyat ta’sirchan ko‘rsatkich.
Ta’kidlash joiz, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida xorijiy investitsiya masalasiga keng o‘rin ajratilgan. Jamoatchilik muhokamasi natijasi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba asosida ishlab chiqilgan mazkur hujjat mohiyatan mamlakatni yalpi ichki mahsuloti 200 milliard dollarga chiqadigan iqtisodiy yetakchiga aylantirish bo‘yicha puxta o‘ylangan “Yo‘l xarita”sidir. Bunday ulkan maqsadga erishishda Toshkent investitsiya forumi muhim ahamiyat kasb etadi. Anjuman davlat va biznesning samarali muloqotini ta’minlash uchun asosiy maydonga aylanmoqda, deyish mumkin. Masalan, avvalgi, uchinchi forumda rekord – 26,6 milliard dollar qiymatdagi bitimlar imzolangan.
O‘zbekiston investorlarni “yashil” energetika, mashinasozlik, logistika, sun’iy intellekt va biznesning boshqa sohalaridagi texnologik loyihalarning uzviy qismi bo‘lishga chaqiradi. IV forumning o‘ziga xos xususiyatini namoyon etadigan tarixiy birinchi investitsiya ko‘rgazmasida transmilliy va xorijiy kompaniyalar o‘z loyihalarini taqdim etadi, mahalliy biznes esa xalqaro auditoriyaga mavjud imkoniyatlarini namoyish etadi.
Mamlakatning modernizatsiya va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi strategik hamkoriga aylanib borayotgan xalqaro moliya institutlari faoliyati alohida sahifa. Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki (YeTTB) hisobotiga ko‘ra, 2024 yil respublika iqtisodiyoti jadal, 6,5 foiz o‘sishiga boshqa omillar qatori rekord darajadagi 27,6 foizni tashkil etgan investitsiya ham salmoqli hissa qo‘shgan. Bu xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan ustuvor tarmoqlarni rivojlantirish orqali O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash rag‘batlantirilayotganining yorqin namunasi. Umuman, mamlakatning eng yirik investorlaridan biri hisoblangan mazkur moliyaviy tuzilma 177 loyihaga 5 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritgan.
Xususan, Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki (OIIB) energetika infratuzilmasini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Asosiy tashabbuslar qatori gaz elektr stansiyalari qurilishi, jumladan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi ishtirokidagi 100 million dollarlik yirik loyihani qayd etish mumkin. Gaz loyihalari ko‘mir energetikasidan qayta tiklanadigan energiya manbalarining yanada ekologik yechimlariga o‘tishda muhim bosqichdir.
Islom taraqqiyot banki (ITB) Markaziy Osiyoda jami 8,39 milliard dollarlik 462 loyihani moliyalashtirgan. O‘zbekiston bu borada yaqqol yetakchi: 168 loyihadan 73 tasi allaqachon yakunlangan, 95 tasi amalga oshirilmoqda. ITBning O‘zbekistondagi umumiy moliyasi 4 milliard dollarga yetdi.Bu Markaziy Osiyodagi umumiy majburiyatning qariyb yarmi. Demak, nufuzli tuzilma respublikaning yuqori investitsiya jozibadorligini e’tirof etib, iqtisodiy siyosatiga yuksak ishonch bildirib kelmoqda.
O‘zbekiston Yevrosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishi ayni yo‘nalishda 2025 yilning eng muhim voqeasi sifatida baholanmoqda. Mamlakat bank kapitalidan 10 foiz ulush olib, uchinchi yirik aksiyadorga aylandi. Natijada yangi investitsiya resurslariga yo‘l ochilib, mintaqaviy hamkorlik doirasida turli infratuzilmaviy va iqtisodiy loyihalar amalga oshirish imkoniyati kengaydi.
Umuman, O‘zbekiston IV Toshkent xalqaro investitsiya forumini ajoyib ko‘rsatkichlar bilan kutib olmoqda. Iqtisodiyot 2024 yil ishonchli o‘sish ko‘rsatkichini namoyish etdi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilga nisbatan 6,5 foiz ortib, qariyb 115 milliard dollarga yetdi.
TXIF mamlakatning ochiqlikka, innovatsiyaga intilishi ramziga aylanmoqda. Bu yo‘lda qiyinchiliklar ham mavjud, albatta: investorlarni huquqiy himoya qilish, infratuzilmani yanada takomillashtirish va barqaror o‘sishni qo‘llab-quvvatlash zarur. Binobarin, keng qamrovli islohot, faol xalqaro hamkorlik yurt fuqarolari farovon kelajak sari ishonch bilan borishi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Bundan tashqari nufuzli anjuman butun mintaqa global iqtisodiy zanjirning mustahkam xalqasiga aylanishini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda O‘zbekiston bugungi kunda muvaffaqiyatning investitsion tarixiga aylandi. IV TXIF esa ulkan rejalarni amalga oshirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘lib, jamiyat farovonligi uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA