"Diydor" yoshlar teatr-studiyasi tomoshabinlar hukmiga Vilyam Shekspirning "Qirol Lir" asari asosida sahnalashtirilgan spektaklni havola etdi.
Yangilikka intiluvchan va doimo ijodiy izlanish yo‘lidagi "Diydor" teatr-studiyasi ushbu mumtoz asarni zamonaviy talqinda taqdim etsa-da, "Qirol Lir"ning asosiy mazmun-mohiyati tomoshabinga to‘laqonli yetkazib berilgani g‘oyat ahamiyatlidir.
Qizlarining farzandlik mehrini sinamoqchi bo‘lgan Lir ularning nainki bemehrligi, balki beshafqatligi, axloqsizligiga ro‘baro‘ kelib, aqldan ozadi... Spektaklni tomosha qilgan har bir inson mehr, odamiylik, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi qaltis munosabat nafaqat bugun, balki Shekspir zamonida ham noyob va taqchil bo‘lganiga ishonch hosil qiladi. Hayot bor ekan, haqiqat va makr, halollik va yolg‘on o‘rtasidagi kurash mudom davom etishiga guvoh bo‘ladi.
Mazkur spektakl ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Madaniyat vazirligi mutasaddilari uchun ham namoyish etildi.

– Shekspir asarlarining g‘oyasi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, – dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov. – Yaxshilik va yomonlik, qabohat va adolat, haqqoniylik va riyokorlik o‘rtasidagi kurash doim bo‘lib kelgan. Bu insoniyat jamiyati uchun tabiiy hol. Shekspir asarlarining dunyo sahnasidan tushmay kelishining sababi ham shunda. Yoshlarimizga hayotning o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqlari borligi, razolatni yengib chiqish uchun qat’iyat, mustahkam iroda zarur ekanligini sahna orqali uqtirish uchun ham ushbu asar suv bilan havodek zarur.
Spektaklda asosiy rollarni Farhod Abdullayev, Karim Mirhodiyev, Jo‘rabek Arziyev, Husanboy Mamasharipov, Mahliyo Asqaraliyeva, Madina Abdumalikova singari aktyorlar ijro etgan. Spektaklni rejissyor Sergey Potapov sahnalashtirgan. Badiiy rahbar – Bobur Yo‘ldoshev.
N.USMONOVA,
O‘zA muxbiri