Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozodani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari shayxulislom tomonidan tuhfa etilgan, O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining umumiy sa’y-harakatlariga bag‘ishlangan “Qardoshlik va ittifoqchilikning oliy nuqtasi” kitobi uchun minnatdorlik bildirdi.

Muloqot davomida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, yoshlarning ma’naviy tarbiyasini yuksaltirish va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti ikki tomonlama madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim takliflarni ilgari surdi.

Islomning asl insonparvarlik mohiyatini yoshlarga sodda va qiziqarli tarzda tushuntirish uchun raqamli platformalar va interaktiv ta’lim vositalaridan foydalanishda ilmiy salohiyatni birlashtirish zarurligi qayd etildi.



Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Ollohshukur Poshshozodaga musulmon dunyosi ilm-faniga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun O‘zbekistonning “El-yurt hurmati” ordenini topshirdi.