Shaxsiy hayot va so‘z erkinligi o‘rtasidagi chegara qayerda? Materiallarni tayyorlashda ma’lumotlar manbalarini qanday qilib himoya qilish kerak? Ijtimoiy tarmoqlar uchun kontent yaratishning o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat? Nima uchun jurnalistik faoliyatda professional etikaga rioya qilish muhim?
Bu kabi savollar «Media makonida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish: huquqiy va axloqiy jihatlar» mavzusida tashkil etilgan seminar ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
Adliya vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir ochiq muloqot shaklida o‘tkazildi.
Shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilishning huquqiy va axloqiy jihatlari, media sohasi vakillarining shaxsiy va raqamli xavfsizligi masalalari ko‘rib chiqildi. Amaliy misollar asosida tahliliy materiallar uchun axborot yig‘ish va unga ishlov berish, ochiq va yopiq manbalar bilan ishlash, ma’lumotlarni vizualizatsiya qilish, fakt-chekingning zamonaviy usullari haqida so‘z bordi.
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, jurnalist axborotni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish, axborot olish uchun davlat organlariga murojaat etish, davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallar va axborotdan foydalana olish huquqiga ega.

Ayni paytda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, tayyorlayotgan materiallarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etish, aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga amal qilish, jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etish, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish shart.
Qonunda, shuningdek, jurnalist o‘z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.
Faktlar, shuningdek reportajlar, korrespondensiyalar, maqolalar, lavha yoki ocherklar personajlari (qahramonlari)ga doir shaxsiy ma’lumotlarsiz jurnalistlik faoliyatni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Hattoki oddiy axborot tayyorlash jarayoni ham kamdan-kam hollarda shaxs ishtirokisiz amalga oshiriladi. Shaxs doim voqea va hodisaning diqqat markazida, foto yoki videolavhada aks etadi.
- Seminar ilg‘or xorij tajribasini hisobga olgan holda, mediajamiyat vakillarining Internet tarmog‘idan foydalanish malakasini oshirishga qaratilgan, - deydi Adliya vazirligining matbuot-xizmati rahbari Sevara O‘rinbayeva. - Boshqalarning shaxsiy hayoti, shaxsiy va oilaviy sirlari huquqini buzishi mumkin bo‘lgan fotosuratlar, video roliklar, axborot xabarlarini tarqatish hollari kuzatilmoqda. Ba’zan xabarlar tajovuzkor xususiyat kasb etadi. Kasbiy va etika standartlari – aniqlik, faktlarni fikrlar va izohlarlar ajratish - nafaqat an’anaviy media, balki internet-nashrlar uchun ham dolzarbdir.
Ekspertlarning qayd etishicha, fuqaroning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilishni shaxsiy hayot sirini muhofaza qilish bilan adashtirmaslik kerak. Ular ikki xil tushuncha. Shaxsiy hayot – inson “shaxsiy” deb hisoblaygan va begonalardan sir saqlaydigan jihatlardir.
Shaxsga doir ma’lumotlar esa shaxs haqidagi anketa ma’lumotlaridir. Milliy qonunchilikka ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar - bu muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot.
Shaxsga doir ma’lumotlarga insonni identifikatsiya qilish mumkin bo‘lgan rasmiy ma’lumotlar kiradi: uning ismi, familiyasi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, pasport seriyasi va raqami, yashash joyi, fotosurati kabi. Bu ma’lumotlarni tarqatish shaxsga doir ma’lumotlar tegishli bo‘lgan sub’ektning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ya’ni asosiy shart – har bir inson o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlashga, albatta, o‘z ruxsatini berishi lozim.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda jurnalistlar kasbiy etikasi instituti qonunchilik darajasida belgilangan. Jurnalistlarning kasbiy etikasi qoidalari – bu jurnalistning shaxsiyati va kasbiy vazifalarini bajarishda uning xatti-harakatlariga qo‘yiladigan talablarni belgilaydigan qoidalar to‘plamidir. Bu qoidalar media hamjamiyat tomonidan belgilanadi. Ishtirokchilar media sohada o‘z-o‘zini tartibga solishni rivojlantirish, jumladan jurnalistlar kasbiy etikasi institutini keng qo‘llashning muhim ahamiyat kasb etishini qayd etishdi.
Muattar Burhonova, O‘zA