Davlatimiz rahbarining “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularni fosh etish samaradorligini oshirish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish belgilandi.
Shu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshiriladi? Bu savolga Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i Behzod Mamajanov javob berdi:
– Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida yagona ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi alohida qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Yuridik shaxslar tomonidan kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi barcha jinoyatlar yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritiladi.

Banklar, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida yo‘l qo‘yilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibini joriy etish belgilandi.
Shu bilan birga, bundan keyin kiberjinoyatni sodir etishda o‘z nomidagi bank kartasidan, bank hisob raqami, elektron hamyonidan va boshqa shaxsga doir ma’lumotlar (SIM kartasi, elektron akkaunti)dan foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari o‘rnatiladi.
Kiberjinoyatlarning oldini olish yo‘nalishida axborot tizimidagi zaifliklar va kamchiliklar natijasida kiberjinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati ommaga e’lon qilinadi. Aholi pul mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan onlayn firibgarlik sxemalari – “moliyaviy piramida”larni barvaqt aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan shaxslarning bank kartalaridagi pullarini talon-toroj qilinishini to‘xtatish maqsadida banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga zamonaviy antifrod va antivirus himoya tizimlarini joriy etish hamda firibgarlar tomonidan soxta raqamlar orqali fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilishlarini texnik cheklash (imkonsiz qilish) kabi choralar belgilandi.
Joriy yildan boshlab har yili bir oy davomida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” kompleks targ‘ibot oyligini o‘tkazish hamda tashviqot ishlari sohaga oid barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan faol tarzda olib borish orqali aholining raqamli immuniteti va ogohligini oshirishning doimiy tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga muvofiq, kiberjinoyatlarni fosh etish yo‘nalishida Markaziy bank, to‘lov tizimi va ichki ishlar organlari vakillaridan iborat tezkor harakatlanish guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur guruh tomonidan shubhali pul o‘tkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalarini tezkorlik bilan aniqlash va bloklash kabi choralar ko‘rib boriladi.
Natijada kiberjinoyat orqali jinoyatchilar tomonidan o‘zlashtirilgan pullarning respublika hududidan chiqib ketishining oldini olish va jabrlanuvchiga qaytarish imkoniyati ta’minlanadi.
Qaror bilan kiberjinoyatlarni tergov qilish va fosh etish faoliyatining sifati va samaradorligini oshirish maqsadida ushbu jarayonda qonunchilik ijrosi ustidan prokurorlik nazorati hamda ilmiy tadqiqot faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda sohadagi xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha choralar belgilandi.
Mazkur qarorda ko‘rsatilgan vazifalarning amalga oshirilishi mas’ul davlat organlari, tashkilotlar, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining fuqarolarning kiberjinoyatlardan jabrlanib qolishining oldini olish hamda ularning moliyaviy xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha mas’uliyati oshishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA