Vatanimiz tarixidagi 23 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1182 yil (bundan 843 yil oldin) – xorazmshoh Takash Shirvonshoh III ga maktub jo‘natdi. Unda tez kunlarda uchrashish va o‘zaro do‘stona munosabatlar mustahkamlanishiga astoydil umid bildiradi. Xorazmshoh uning elchisi, amir Farididdin bilan bo‘lgan suhbatlardan qoniqish hosil qilganligini izhor etib, Xurosonning ezilgan xalqini ozod qilish uchun o‘n minglik qo‘shin bilan yurish boshlaganini elchi orqali xabar qiladi. Farididdin bilan birga Shirvon (hozirgi Shimoliy Ozarbayjondagi davlat)ga o‘z elchisi Jamoliddinni, u orqali eng yaxshi tilaklarini yuborayotganini bildiradi.
1470 yil (bundan 555 yil oldin) – Xuroson hukmdori Husayn Boyqaro mutafakkir, faylasuf va shoir, tasavvufning yirik namoyandasi Xoja Abdulloh Ansoriy (1006–1088) ning mozorini ziyorat qildi. Bu haqda tarixchi olim Xondamir quyidagicha qayd etgan: “Ul oliy martabali podshoh oyning yigirma beshinchisida payshanba kuni Xoja Abdulloh Ansoriyning mozorini ziyorat qilish uchun Gozurgoh mavzesiga tashrif buyurdi va ehtiyojmandlik va ixlos yuzini ul barakatli bo‘sag‘a sari qaratib u yerning mujovirlariga nisbatan siylov lavozimini bajo keltirdi. Va ul sharif manzilda mavlono Kamoliddin Shayx Husaynni saltanat taxti yaqiniga chorlab “saltanat poytaxti Hirotni xuddi Sulton Abusaid Mirzo zamonasidagi shariat qoidasi bo‘yicha boshqarmoq kerak. Agar shaxsan men yoki ukam yo o‘g‘limga nisbatan shar’iy jazo ko‘llanish taqozo etib qolinsa, uning ijrosini orqaga surmaslik lozim” dedi”.
Bundan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Sulton Husayn Boyqaro mamlakat ichkarisida tartib o‘rnatish uchun shariat qonunlaridan foydalanibgina qolmasdan, balki unga amal qilgan. Husayn Boyqaroning shiori “shariat katta yo‘ldir, undan adashishdan haqning o‘zi asraydi” degan ibora bo‘lgan. Husayndagi bunday ulug‘ sifatlarning shakllanishida do‘sti Navoiyning nasihatlari juda ham o‘rinli bo‘lgan. Buni biz Navoiyning “Saddi Iskandariy”sida Husayn Boyqaroga nasihat tariqasida yozilgan “Bu hokimsuratu darveshtabiat, ismi Darveshu, ulushi hukumat ishi bo‘lmish inimizga rad etib bo‘lmas nasihatdir”, deb yozilgan fikrlardan ham bilib olish mumkin.
1603 yil (bundan 422 yil oldin) – Urganchda shayboniylar sulolasiga mansub bo‘lgan Xiva xoni va yirik tarixchi olim Abulg‘ozi Bahodirxon tavallud topdi. Uning “Shajarayi tarokima” va “Shajarayi turk” asarlari O‘zbekiston, umuman Turon tarixiga oid qimmatli manbalardan hisoblanadi. Abulg‘ozi Bahodirxon tibbiyot ilmiga oid “Manofi’ul inson” (“Insonga foydali narsalar”) nomli asar ham yozgan.
1907 yil (bundan 118 yil oldin) – dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy Nijniy Novgorodda Rusiya musulmonlarining qurultoyida turkistonliklar guruhini boshqardi va katta nutq so‘zladi.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Beshim Sardor boshchiligidagi yollanma turkman otliqlarining Chorjo‘y yaqinidagi Saqor bozorni ishg‘ol qilishi bilan tarixda “yalpi qo‘zg‘olon” deb atalgan Buxoro amirligiga qarshi harakat boshlandi. Beshim Sardor va Chorjo‘y kommunistlari darhol Eski Chorjo‘yni ishg‘ol qildilar, yuzdan ortiq amaldorlar qamoqqa olindi. Chorjo‘y bekligi xazinasi qo‘lga kiritilib, bu boyliklar darhol Chorjo‘y revkomi va yangi hukumat qo‘liga o‘tdi. Ilgaridan kelishuvga ko‘ra shu kuni Chorjo‘y revkomi “Butun Buxoro xalqi nomidan” Frunze boshchiligidagi Turkiston frontiga yordam so‘rab murojaat qildi, vaholanki Buxoro xalqi bundan bexabar edi.
1994 yil (bundan 31 yil oldin) – Moskvada O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Moldova Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish haqida Protokol imzolandi.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – Prezident farmoniga asosan, O‘zbekiston fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, butun hayotini Vatan, xalq va millat taraqqiyotiga baxshida etgan betakror iste’dodli vatandoshlarimizning xotirasini yod etib hamda ular qoldirgan katta ilmiy-ijodiy merosni inobatga olib, bir qator marhum olim va san’atkorlar: akademiklar Xabib Abdullayev, Sodiq Azimov, Ubay Oripov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa’di Sirojiddinov, Obid Sodiqov, Sobir Yunusov, Toshmuhammad Qori Niyoziy, Yahyo G‘ulomov; O‘zbekiston san’at arboblari To‘xtasin Jalilov, Igor Savitskiy; O‘zbekiston fan arbobi Hamid Sulaymonov; O‘zbekiston xalq artisti Olim Xo‘jayevlar “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan marhum fan, adabiyot va san’at arboblarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, O‘zbekiston xalq artistlari Hojixon Boltayev, Muhammadjon Mirzayev, Nabi Rahimov, Oyimxon Shomurotova, Sora Eshonto‘rayeva; shoir Hamid Olimjon; akademik Vsevolod Ivanovich Romanovskiylar “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning muomalada bo‘lishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasida xalqaro talablar va standartlarga muvofiq malakali kadrlarni tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlarining oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, sohaga oid muammolarni ilmiy va amaliy jihatdan tadqiq etish maqsadida Prezident qarori bilan Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi tashkil etildi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA