Bugun, 10 sentyabr kuni Vengriyaning Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi.
197 ta erkaklar, 184 ta ayollar jamoalari ishtirok etayotgan mazkur olimpiadada O‘zbekiston shaxmatchilar jamoasi har ikki guruhda yurtimiz sharafini himoya qiladi. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidovdan iborat O‘zbekiston terma jamoasi bundan ikki yil muqaddam Chennayda g‘oliblikni tantana qilgan jamoa sifatida ishtirok etadi.
Afro‘za Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova hamda zaxira o‘yinchi hisoblangan Nodira Nodirjonovadan iborat ayollar jamoamiz avvalgi natijalarini yaxshilash yo‘lida kurash olib boradi. O‘zbekiston erkaklar jamoasiga sobiq jahon chempioni Vladimir Kramnik murabbiylik qilayotgan bo‘lsa, ayollar jamoasini rossiyalik grossmeyster, shaxmat olimpiadalarining uch karra g‘olibi Aleksey Dreyev murabbiylik qiladi.
Musobaqalar 23 sentyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA