Shaxmat taxtasidan “Mardlik” ordenigacha: chempionlik ortidagi ona matonati
Shaxmatdagi yuqori natijalar ortida yillar davomida qilingan mehnat, murabbiy ko‘rsatmalari, tinimsiz mashg‘ulot va raqibning keyingi yurishini oldindan anglay bilish qobiliyati turadi. Mamlakatimiz shaxmatchilarining xalqaro maydondagi yutuqlarida parashaxmat vakillarining ham munosib hissasi bor. Ularning har bir natijasi shaxmatning imkoniyati keng sport turi ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi g‘oliblari va ishtirokchilarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, bir guruh iste’dodli shaxmatchilar munosib taqdirlandi.
Ko‘ksaroy qarorgohida 29-sentabr kuni davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Ahadxon Kimsanboyev “Mardlik” ordeniga munosib ko‘rildi.
Bu kabi e’tirof ortida esa faqat bir sportchining mehnati emas, uning yillar davomida yonida bo‘lgan, har bir qadamini qo‘llab-quvvatlagan yaqinlarining ham hissasi bor. Zero, farzandining har bir yutug‘i, ayniqsa, katta mehnat va sabr evaziga qo‘lga kiritilgan g‘alabasi ota-ona uchun alohida quvonchdir.

– O‘g‘lim shaxmat bilan to‘qqiz yoshidan beri shug‘ullanadi. Avvaliga dadasi bilan o‘ynardi. Dadasi esa shaxmatni bobosidan o‘rgangan. Shu tariqa o‘g‘limda ham bu sportga qiziqish paydo bo‘ldi, – dedi shaxmatchining onasi Qanoat Fayzullayeva. – Keyinchalik Farg‘onadagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabida mashg‘ulotlarini davom ettirdi. Hozir o‘z murabbiysi qo‘l ostida shug‘ullanmoqda. Natijalari ham yildan-yilga yaxshilanib bordi. Shaxmat bilan shug‘ullanganidan buyon bir necha bor O‘zbekiston va jahon chempioni bo‘ldi. Yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon olimpiadasida o‘g‘limizning har bir chiqishi, har bir o‘yinidagi vaziyatlarni diqqat bilan kuzatdik. AQSH, Hindiston hamda Isroil vakillari bilan kechgan shiddatli bahslarga guvoh bo‘ldik. Farzandlarimiz uchinchi o‘rinni oldi, bu tarixiy natija.
Eng quvonarlisi, Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon olimpiadasida 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar jam bo‘ldi. Olimpiadani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon keldi, hududlardagi fan-zonalarda qariyb 500 ming muxlis, teleekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlarimiz o‘yinlarni kuzatdi.
– Parashaxmat olimpiadasi men uchun yaxshi o‘tdi, ammo to‘liq qoniqdim, deb ayta olmayman, – dedi Ahadxon Kimsanboyev. – Chunki jamoamiz bilan birinchi o‘rin uchun kurashni maqsad qilgandik. Uchinchi o‘rinni egalladik. Albatta, bu ham yomon natija emas. Lekin oldimizda hali yangi maqsadlar bor. Navbatdagi parashaxmat olimpiadasida jamoamiz bilan birinchi o‘rinni egallashga harakat qilamiz.
Shaxsiy natijamga kelsak, musobaqada uchta g‘alaba va to‘rtta durang qayd etdim. Eng muhimi , biror marta ham mag‘lubiyat alamini tortmadim. Albatta, bu men uchun katta natija, ammo to‘xtab qolish niyatim yo‘q. Oldinda bizni bundan ham yuksak cho‘qqilar va yangi g‘alabalar kutmoqda.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA