Shaxmat: Sohibqiron turniri boshlandi
Poytaxtimizdagi Shaxmat akademiyasida shaxmat bo‘yicha Sohibqiron kubogi II xalqaro turniri boshlandi.
Kecha mazkur nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, musobaqa ishtirokchilariga omad tilashdi.
O‘tgan yildan e’tiboran tashkil etib kelinayotgan ushbu turnirning bu galgi bahslarida dunyoning 10 ta davlatidan 60 nafarga yaqin shaxmatchi ishtirok etmoqda.

Xalqaro turnir nizomiga ko‘ra, rapid yo‘nalishida o‘tadigan xalqaro turnirning sovrin jamg‘armasi 20 ming AQSH dollari etib belgilangan.
Musobaqa 9 turda o‘tkaziladi. Murosasiz bahslar 15 mayga qadar davom etadi.
O‘zA