Shaxmat: Osiyo chempionatining ilk turi ortda qoldi
Bugun, 8 may kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionatining 2-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kecha o‘tkazilgan 1-tur bahslarida O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi shaxmatchilaridan Nodirbek Yoqubboyev erkaklar o‘rtasida, Gulruhbegim Tohirjonova ayollar musobaqasida raqiblari bilan murosa yo‘lini tanladi.

Erkaklar bahsida Shamsiddin Vohidov, Humoyun Bekmuratov, Muhammadzohid Suyarov, ayollar musobaqasida Afro‘za Hamdamova, Madinabonu Xalilova g‘oliblikka erishdi.
Bugun o‘tadigan 2-tur o‘yinlarida Shamsiddin Vohidov oq donalarda rossiyalik Lev Zverev bilan, Humoyun Bekmuratov qora donalarda hindistonlik Surya Shekar bilan kuch sinashadi.

Ayollar musobaqasining 2-turida Gulruhbegim Tohirjonova qora donalarda filippinlik, Madinabonu Xalilova oq donalarda rossiyalik, Afro‘za Hamdamova qora donalarda hindistonlik shaxmatchi bilan ro‘baro‘ keladi.
Qit’aning 34 ta mamlakatidan 260 nafardan ziyod mahoratli shaxmatchilar ishtirok etayotgan chempionatning erkaklar bahsida 12 nafar, ayollar musobaqasida 15 nafar shaxmatchimiz g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.
Aytish lozim, mazkur qit’a birinchiligi 2025 yilning 5-29 iyul kunlari Gruziyaning Botumi shahrida ayollar o‘rtasida hamda 31 oktyabr-27 noyabr kunlari Hindistonda erkaklar o‘rtasida o‘tadigan jahon kubogiga saralash vazifasini o‘taydi. Chempionatda eng yaxshi natija qayd etgan 10 nafar erkak va 2 nafar ayol shaxmatchi jahon kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 80 ming AQSH dollaridan iborat chempionat musobaqalari 16 mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA