Shaxmat olimpiadasi: Kuchli jamoalar ro‘yxati e’lon qilindi
Joriy yilning 15-27-sentabr kunlari Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda 3-Para shaxmat olimpiadasi musobaqalari, shuningdek musobaqalar doirasida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Kongress yig‘ilishi, “FIDE Excellence Awards” tadbirlari tashkil etiladi.
Shu kunlarda 400 ta milliy erkaklar va ayollar jamoalari qatnashadigan mazkur nufuzli musobaqaga mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Kuni kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etadigan kuchli jamoalar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminovdan iborat O‘zbekiston-1 erkaklar terma jamoasi 2720 o‘rtacha reyting ochkosi bilan kuchli uchlikda qayd etildi.

O‘z navbatida, «jahon terma jamoasi» nomi bilan tanilgan AQSH jamoasi 2751 ochko bilan birinchi, 2733 ochkoga ega Hindiston jamoasi esa ikkinchi o‘rinni egallagan.
Shuningdek, shaxmat olimpiadasida ishtirok etadigan ayollar jamoalari reytingida Hindiston, Xitoy va Gruziya terma jamoalari kuchli uchlikdan joy olgan. Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Nilufarxon Imomqo‘ziyevadan iborat O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi esa 192 ta jamoa orasida 13-o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, shaxmat olimpiadasi dasturiga muvofiq, musobaqaning tantanali ochilish marosimi 15-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, 16-27-sentabr kunlari musobaqaning 11 ta klassik bosqich musobaqalari o‘tkaziladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA